Daryo

Usmonli imperiyasida sultonlar nega o‘z aka-ukalarini qatl qildirgan?

Qaysi e’tiqod nuqtayi nazaridan qaralmasin, insonni o‘ldirish eng katta gunoh hisoblanadi. Ammo tarixga nazar tashlar ekansiz, hukmdorlar hokimiyatga ega chiqish ilinjida o‘z yaqinlarini shafqatsizlarcha o‘ldirganiga misollar ko‘p. Ayniqsa, Usmonli davlati tarixidan…Mazkur maqolamizda Usmonlilar imperiyasida amal qilingan, 80 ga yaqin begunoh shahzodalarning hayotiga zomin bo‘lgan vahshiy qonunning yaralish tarixi va qo‘li aka-ukasining qoniga botgan sultonlar xususida so‘z boradi

7 daqiqa o‘qish43 158 ko‘rishlar0 izoh2

Qaysi e’tiqod nuqtayi nazaridan qaralmasin, insonni o‘ldirish eng katta gunoh hisoblanadi. Ammo tarixga nazar tashlar ekansiz, hukmdorlar hokimiyatga ega chiqish ilinjida o‘z yaqinlarini shafqatsizlarcha o‘ldirganiga misollar ko‘p. Ayniqsa, Usmonli davlati tarixidan…

Mazkur maqolamizda Usmonlilar imperiyasida amal qilingan, 80 ga yaqin begunoh shahzodalarning hayotiga zomin bo‘lgan vahshiy qonunning yaralish tarixi va qo‘li aka-ukasining qoniga botgan sultonlar xususida so‘z boradi

Florensiyalik faylasuf Nikolo Makyavelli aytganidek, “Davlatni saqlab qolish uchun faqat uning chegaralarini himoya qilish kifoya qilmaydi. Balki uning ichki yaxlitligini ham asrab-avaylash zarur”. Usmonli imperiyasida mamlakat barqarorligini saqlashga qaratilgan maʼlum qonun-qoidalar bo‘lib, ular orasida “Birodarlarni qatl etish to‘g‘risidagi qonun” (“Kardeş Katli Kanunu”) alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu hujjat taxtga chiqqan shahzodaga tug‘ishgan aka-ukalarini qatl qildirish vakolatini bergan.

Foto: “Daryo”

Fotih qonuni

Usmonli imperiyasi tarixidagi eng bahsli mavzulardan biri – bu shahzoda sultonlik taxtiga o‘tirgach, o‘z tug‘ishgan aka-ukalarini qatl ettirishidir. Aslida, bu qora anʼana faqat Usmonli davlatida bo‘lmagan. Tarixiy maʼlumotlarga ko‘ra, bunday odat Sosoniylar, Rim, Vizantiya va Andalusiyada ham mavjud bo‘lgan.

Lekin Usmonli imperiyasida sulton tomonidan birodarlarini o‘ldirish amaliyoti boshqa davlatlarnikidan keskin farq qiladi va bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Imperiya tarixi davomida birodarlarini o‘ldirishning turli amaliyotlari mavjud bo‘lib, ularning hammasi ham qonuniy bo‘lmagan. Faqatgina, Konstantinopolni fath qilgan sulton Mehmet II (1432-1481) hukmronligining oxirida azaldan mavjud vahshiy anʼanani qonuniylashtiradi.

Mehmet II qonunlar to‘plami uch qismdan iborat edi. Birinchi qism – yetakchi davlat arboblarining qaror qabul qilishdagi o‘rni, sultonga kimlar murojaat qila olishi va qozilarni martabalarga tayinlashni o‘z ichiga olgan. Ikkinchi qism – saltanat ishlarini tashkil etish, bayram marosimlarini tashkil qilishni qamrab olgan edi. Uchinchi qismda esa jinoyatlar va ular tayinlanadigan jazo turlari, shuningdek, unvon egalarining daromadlari to'g'risidagi ma'lumotlar bo‘lgan.

Picture background
Sulton Mehmet II, Istanbul fathi 
Foto: tourister.ru

Shahzodalarning faoliyati, huquqlari va majburiyatlarini tartibga soluvchi maxsus qonun va qoidalar to‘plami Shahzodalar qonunnomasi (“Kanunname-i Şahzade”) deb atalgan. U o‘z ichiga Birodarlarni qatl etish to‘g‘risidagi (“Kardeş Katli Kanunu”) qonunni ham olgan edi.

Albatta, anʼanaviy odatni davlat qonuni darajasiga olib chiqish uchun yetarlicha siyosiy asoslar mavjud edi. Xususan, taxtga da’vogar shahzodalar qo‘shni davlatlar, ayniqsa, Vizantiya bilan maxfiy kelishuv asosida sultonga qarshi isyon ko‘tarishni boshlagan.

Manbalarda mamlakatdagi ayrim ulamolar bu odatni qonuniylashtirishga qarshi chiqqani keltiriladi. Boisi Islom dinida begunoh insonning qonini to‘kishni taqiqlanadi. Qonunning rolini ijobiy baholagan din peshvolari esa sulton har safar muftiyning roziligini olgan holda aka-ukalarini qatl qilishiga rozilik beradi.

Qayd etish kerakki, tarixda Usmonli sultonlar o‘z aka-ukalarini o‘ldirish holatlari qonun joriy qilinishidan oldin ham ko‘p sodir bo‘lgan. Masalan, sulton Yildirim Boyazid (1359-1405) otasi Murod I 1389-yilda Kosova jangida halok bo‘lgach, jang maydonida sulton sifatida taxtga chiqadi va shu zahoti ukasini hech qanday fatvosiz qatl qilishga buyuradi.

Picture background
Yildirim Boyazid
Foto: wikipedia.org

Mehmed II qonunlar to‘plami vaqt o‘tishi bilan 1912-yilda tarixchi Mehmed Orif Bey tomonidan Avstriya milliy kutubxonasidagi qo‘lyozmalar asosida “Tarih-i Usmoniy Encümeni” jurnalida nashr etilgan. Birodarini o‘ldirish to‘g‘risida Mehmed II qonunlar to‘plamining ikkinchi bobida yozilgan. 1912-yilda nashr qilingan versiyaga ko‘ra u quyidagicha:

“Agar mening o‘g‘illarimdan kimga sultonlik nasib etsa, umumiy yaxshilik (Nizâm-ı Âlem) uchun aka-ukalarini o‘ldirish muvofiqdir. Ko‘plab ulamolar ham buni maʼqullaganlar. Ular bunga amal qilsinlar”

O‘z og‘a-inisini o‘ldirgan sultonlar

Mehmet II: mamlakatda ichki urushlarning oldini olish uchun aka-ukalarni o‘ldirishga ruxsat beruvchi qonun tashabbuskori Mehmed II, sultonlik taxtiga o‘tirishi bilan 2 yoshli ukasi shahzoda Ahmetni o‘ldirish uchun buyruq beradi. Chunki shahzoda Ahmet qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh natijasida dunyoga kelgan bo‘lib, Mehmet esa kanizakning farzandi edi.

Picture background
Qatl etilgan shahzodalarning dafn marosimi
Foto: KinoPoisk

Boyazid II: Mehmet II 1481-yilda vafot etgach, taxtga uning to‘ng‘ich o‘g‘li Boyazid o‘tiradi. Ammo uning ukasi Jem taxtga chiqishini daʼvo qilib, Misr sultonidan harbiy ko‘mak olgan holda akasiga qarshi kurash boshladi. Shahzoda sulton bilan jangda mag‘lubiyatga uchragach, Rodos orollaridagi Avliyo Ioann ritserlardan yordam so‘radi. Ritserlar Jemni Rim papasi Innokent VIII ga topshiradi. Rim papasi turk shahzodasidan Usmonli davlatiga qarshi kurashda vosita sifatida foydalanishga umid qiladi. Biroq Boyazid o‘z xufiyalarini ishga solib, ukasini yo‘q qiladi.

Selim (Yovuz): 1512-yilda Boyazid II taxtdan ixtiyoriy ravishda voz kechadi va surgundagi o‘g‘li Selimga hokimiyatni topshiradi. Shahzoda Selim sulton bo‘lgach, birinchi galda o‘zining 8 ta aka-ukasini, farzand va xotinlari bilan birgalikda bo‘g‘ib o‘ldirishga buyruq beradi. Keyin esa o‘z otasi Boyazid II ni qatl ettiradi. Shuning uchun unga “yovuz” laqabi berilgan.

Selim II: Selim otasi Sulaymon tirikligida unga qarshi isyon ko‘targan ukasi shahzoda Boyazidni jangda mag‘lub qiladi. 1561-yilda shahzoda Boyazid butun oila aʼzolari bilan qatl qilinadi. Uning 11 farzandi: 4 qizi va 7 o‘g‘li bo‘lgan. Ushbu voqea mashhur “Muhtasham 100 yil” serialida ham tasvirlangan.

Murod III: Murod hokimiyat jilovini qo‘lga olishi bilan birinchi qilgan ishi 6 ta akasini bo‘g‘ib o‘ldirish bo‘ldi. Taqdirni qarangki, 1595-yilda Murod III vafot etgach, o‘sha kunning o‘zida undan homilador bo‘lgan 10 ta kanizak bo‘g‘ib o‘ldiriladi va Saroyburnudan dengizga uloqtiriladi. Murod III ning 19 ta (ayrim manbalarda 22 yoki 24 ta) o‘g‘li va 26 ta qizi qiz farzandi bo‘lgan.

Mehmet III: 1595-yilda kuni Murod III vafot etgach, taxtga uning o‘g‘li shahzoda Mehmet ega chiqdi. Saroyga kelgan yangi sulton “Fotih qonuni”ga muvofiq o‘zining 19 nafar ukasini qatl qilishga buyuradi. Ular kar-soqov jallodlar tomonidan bo‘g‘ib o‘ldiriladi. Bu hodisa Murod III o‘g‘li Ahmetga qattiq taʼsir qiladi. Sulton 1603-yilda, 37 yoshida vafot etgach, o‘g‘li shahzoda Ahmet I 13 yoshida taxtga o‘tiradi va birodarlarini o‘ldirish qonunini bekor qiladi.

Picture background
Bo'g'ib o'ldirish 
Foto: wikipedia.org

Vahshiy anʼananing o‘zgartirilishi

Maʼlumotlarga ko‘ra, sulton Mehmetning dafn marosimida shahzoda Ahmet kelmaydi. Shayxulislom bir necha kishi bilan yangi sultonni janozaga taklif qilgani boradi. Ular sulton o‘tirgan xonaga kirganida, sulton Ahmet boshini ikki qo‘li orasiga olib o‘ylayotganini ko‘radilar. Shayxulislom yangi sultonni janoza namozini o‘qishga taklif qilganida, u shunday javob beradi:

“Taxt egasi bo‘lish uchun 19 ukasini va bir o‘g‘lini o‘ldirgan odam mening otam bo‘lsa ham qotildir! Men qotilning janoza namozini o‘qimayman. Boring, siz o‘qing va dafn qiling”.

Ahmet I sulton bo‘lgach aqli zaif ukasini Topkapi saroyiga yuborib, uy qamog‘ida saqlaydi. Shundan keyin aka-ukalarni uy qamog‘iga yuborish anʼanasi joriy qilinadi.

Topkapi saroyidagi shahzodalarni saqlash xonasi
Foto: pressa.tv

Bu tizimning afzal jihati – o‘g‘il farzandi bo‘lmagan sulton to‘satdan vafot etsa, uy qamog‘ida saqlanayotgan sultonning akasi yoki ukasi ozod qilinib, taxtga o‘tkazilgan. Bu anʼanaga ko‘ra, sultonning aka-ukalari uchun saroy chekkasidan xonalar ajratilgan. Shahzodalar 8 yoshida saroydan uy qamog‘iga ko‘chirilgan. Ular to vafot etgunicha yoki nasib qilsa, taxtga o‘tirgunicha o‘sha erda qolishgan. Shahzodalar saqlanadigan saroy xonasi doim soqchilar tomonidan qo‘riqlangan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, uy qamog‘ida saqlanayotgan shahzodalarga ayrim bir erkinliklar berilgan. Ular mudarrislardan taʼlim olishi va kanizaklar saqlashi mumkin bo‘lgan. Biroq shahzodalarga oila qurish va farzandli bo‘lish taqiqlangan.

Sulton Ahmet I (1603-1617) yillarida hukmronlik qilgan davrida davlat tartibini saqlash maqsadida bir qancha chora-tadbirlar ko‘radi. Xususan, Fotih Mehmet davrida shahzodalar uchun joriy qilingan qonun (“Kanunname-i Shahzade”) biroz o‘zgartirilib, ayrim qo‘shimchalar kiritiladi. Misol uchun, taxtga chiqish uchun aniq yosh chegarasi belgilanadi. Bundan tashqari, ta’lim va tajriba ham juda muhim shart sifatida belgilangan.

Picture background
Sulton qabuli
Foto: pinterest.com

Taxtga chiqish uchun shartlar quyidagilar: birinchi o‘rinda – yosh chegarasi. Shahzodalar taxtga chiqishlari uchun ma’lum yoshga yetishlari shart edi. Bunday shart oldingi davrda mavjud bo‘lmagan. Taxt eng kuchli yoki siyosiy jihatdan eng muvofiq shahzodaga topshirilar edi. Ikkinchi o‘rinda – bilim va tajriba. Chunki sulton Ahmet shahzodalar diniy ilmlarni puxta egallashi, boshqaruv mahorati va harbiy bilimi kuchli bo‘lishi kerak deb hisoblagan. Uchinchi o‘rinda – to‘ng‘ich o‘g‘ilning ustuvorligi. To‘rtinchi o‘rinda – sultonning roziligi. Bu sultonga kimning taxtga chiqishi borasida yakuniy qaror qabul qilish vakolatini saqlab qolish imkonini bergan.

Sulton Ahmet tomonidan joriy qilingan shartlar davlatni boshqarish bo'yicha tajriba va o‘quv jarayonlariga asoslangan bo'lib, taxt uchun kurashlarning oldini olish va davlat barqarorligini saqlashga qaratilgan edi.

“Kanunname-i Shahzade” qonuni Usmonli davlatida taxminan 200 yildan ortiq vaqt davomida amalda bo‘lib, saksonga yaqin shahzodalarning o‘limiga sabab bo‘ldi. Keyinchalik bir nechta shahzodaning qatl qilinishi yuz bergan bo‘lsa-da, lekin Usmonli imperiyasi qulagunga qadar, ya’ni 1922-yilgacha yangi sulton taxtga chiqqanidan so‘ng aka-ukalarini qatl qilmagan.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar