Daryo

Germaniyadagi maktablarga bomba joylashtirilgani haqida anonim xabarlar yuborildi

Huquq-tartibot idoralari mazkur holat bo‘yicha tergov olib borishga kirishgan

1 daqiqa o‘qish4 082 ko‘rishlar0 izoh0

Germaniya bo‘ylab yigirmadan ortiq maktablar bomba joylashtirilgani haqida anonim xabarlar olishdi.

Bu haqda Bild nashri xabar bermoqda.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Brandenburg federal shtatida kamida 12 maktab, Gannoverdagi to‘rtta maktab va Erfurtda yana beshta ta’lim muassasasi tahdid ostida qolgan. Leypsig va Shturdagi ba’zi maktablar ham xuddi shunday xabarlarni oldi.

Foto: Report.az

Shtur shahrida politsiya mahalliy maktablardan birida tintuv o‘tkazgani sababli maktabga kirish qat’iyan taqiqlandi.

Tahdid xatlarini yuborish bo‘yicha bu kampaniya butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilmoqda, dedi Quyi Saksoniya shtati politsiya departamenti vakili.

Huquq-tartibot idoralari vakillariga ko‘ra, xabarlar yakshanba kuni elektron pochta orqali olingan. Erfurt politsiyasi pochta qutilarida ba’zi xatlar topilganini aytdi. Federal shtatlarning huquq-tartibot idoralari mazkur holat bo‘yicha birgalikda tergov olib borish va jinoyatchilarni aniqlashga kirishgan.

Politsiya xodimlari Germaniyaning turli shtatlaridagi maktablarda tintuv o‘tkazgandan so‘ng, bomba borligini yoki portlash xavfi mavjudligini aniqlamadi. Anonim tarzda yuborilgan xabarlardagi ma’lumotlar yolg‘on bo‘lib chiqdi.

5-noyabr kuni AQSHda saylov uchastkasi xodimi muddatidan oldin ovoz berish joyini portlatib yuborish bilan tahdid qilgani uchun hibsga olingandi. 

Foto: Reuters

Xabar qilinishicha, 25 yoshli Nikolas Uimbish oktyabr oyi o‘rtalarida saylovchilardan biri bilan janjallashib qolgan. Oradan ko‘p o‘tmay, u bu odam nomidan saylov uchastkasi direktoriga tahdid qilingan xat yuborgan. Maktubda, shuningdek, erta ovoz berish joyida portlash yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantiruvchi eslatma ham bor edi.

“Uimbish bomba tahdidi yuborish, bomba tahdidi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish, tahdidli xat yuborish va FQBga yolg‘on bayonotlar berishda ayblanmoqda. U eng ko‘pi 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin”, deyilgan bayonotda.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar