Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon poytaxtini Tehrondan mamlakatning janubiy chegaralariga, Fors ko‘rfazi qirg‘oqlariga ko‘chirish rejalari ustida ish boshlanganini aytdi. Bu haqda ISNA xabar berdi.
Pezeshkiyon “Hotam al-Anbiya” bosh qarorgohiga tashrifi chog‘ida so‘zlagan nutqida ilgari muhokama qilingan poytaxtni Tehrondan ko‘chirish masalasini ko‘tardi. U Tehronni poytaxt sifatida qoldirish qator sabablarga ko‘ra, birinchi navbatda, iqtisodiy jihatdan imkonsiz bo‘lib qolganini aytdi.
Tehron hal qilib bo‘lmaydigan muammolarga duch kelmoqda. Nima qilsak ham vaqtimizni bekorga sarflayapmiz. Shu sababli mamlakatning iqtisodiy va siyosiy markazini janubdagi dengiz tomon ko‘chirishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Bu masalaga e’tiborsizlik qilish mamlakatni kelajakda ekologik inqiroz va boshqa ko‘plab muammolarga duchor etishi mumkin, dedi u.
Pezeshkiyon birinchi vitse-prezident Muhammad Rizo Orifga poytaxtni ko‘chirish bo‘yicha rejalarning bajarilishini nazorat qilishni topshirdi.
Aholisi taxminan 20 million kishidan iborat bo‘lgan Eron poytaxti Tehronni boshqa shaharga ko‘chirish rejasi 2013-yil 25-dekabrda 290 o‘rinli parlamentning 110 nafar deputati tomonidan qabul qilingan. Reja doirasida tashkil etilgan kengash poytaxt uchun “eng maqbul joy qayerda bo‘lishi” borasida tadqiqotlar olib borgan. Shu paytgacha bu masalada hech qanday amaliy harakat qilinmagan.








