Daryo

AP: AQSH Ukrainaga 275 mln dollarlik harbiy yordam yuboradi

Kreditni Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan qoplash rejalashtirilmoqda

2 daqiqa o‘qish6 475 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 275 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini yuboradi. Bu haqda nomi oshkor qilinmagan amerikalik rasmiy shaxslarga tayanib, Associated Press xabar berdi.

Foto: Getty Images

To‘plam tarkibi bo‘yicha batafsil ma’lumotlar hozircha e’lon qilinmagan. AQSH Davlat departamenti Ukrainaga 100 million dollarlik mudofaa uskunalari va xizmatlarini sotishga ruxsat bergan. Bu transport vositalarini kapital ta’mirlash, texnik qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish va “logistikaning boshqa tegishli jihatlari”ni ham o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, Vashington va Kiyev Ukraina uchun 20 milliard dollarlik kredit shartlari bo‘yicha muzokaralarning “ilg‘or bosqichi”da turibdi. Kreditni to‘lash Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng muzlatilgan Rossiya Markaziy banki aktivlari hisobidan amalga oshiriladi.

Associated Press bilan suhbatlashgan ikki manbaga ko‘ra, AQSHning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati jarayonni yil oxirigacha yakunlashga intilmoqda.

Rossiyaga AQSH raketalari bilan zarba berish qarori

17-noyabr kuni The New York Times gazetasi va Reuters agentligi manbalarga tayanib, AQSH prezidenti Jo Bayden Ukrainaga AQSH tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofali ATACMS raketalaridan Rossiya hududiga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat berganini xabar qildi. 

19-noyabr kuni AQSH davlat departamenti vakili Brayan Nikols bu ma’lumotni rasman tasdiqladi. Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan keyin Baydenning bu qarorini bekor qiladimi yoki yo‘q, hozircha noma’lum.

Rossiyaning yangilangan yadroviy doktrinasi

O‘z navbatida, Rossiyada yangi yadro doktrinasi tasdiqlandi. Hujjatdagi asosiy o‘zgarishlar shundan iboratki, har qanday yadroviy bo‘lmagan davlatning, ammo yadroviy davlat ishtirokida yoki qo‘llab-quvvatlagan holda Rossiyaga qarshi tajovuzi ularning Rossiyaga birgalikdagi hujumi sifatida baholanadi.

Bundan tashqari, doktrinaga ko‘ra, agar “Rossiya suverenitetiga jiddiy tahdid va oddiy qurollar bilan xavf” yuzaga kelsa, Rossiya yadro qurolini qo‘llashi mumkin. Biroq, hujjatda “jiddiy tahdid” tushunchasiga aniqlik kiritilmagan.

Oq uyga Kiyevga yordam ko‘lamini tanqid qiluvchi shaxs keladi

Ikki oydan so‘ng Baydenning o‘rnini Oq uyda Donald Tramp egallaydi. U AQSHning Kiyevga ko‘rsatayotgan moliyaviy va harbiy yordami ko‘lamini bir necha bor tanqid qilgan. Siyosatchi Ukrainadagi urushni 24 soat ichida tugatishni va’da bergan, ammo buning aniq usulini tushuntirmagan. Tramp ochiqchasiga Ukraina xalqaro miqyosda tan olingan hududining bir qismidan voz kechishi va shu orqali janglar tugashiga hissa qo‘shishi kerakligini aytgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar