AQSH televizion sanʼat va fanlar akademiyasi tomonidan ta’sis etilgan, AQSHdan tashqarida suratga olingan kartinalarga beriladigan xalqaro Emmi mukofotining navbatdagi g‘oliblari aniqlandi. Ko‘pchilikning sevimli serialiga aylangan — “Hukm” xalqaro Emmi mukofoti bilan taqdirlandi. U mazkur mukofotga Turkiyadan yagona nomzod serial bo‘ldi.
Marosim Nyu-York shahridagi “Hilton Midtown” mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi. Unda 20 ta davlatdan 14 toifadagi 56 ta kartina qatnashdi. Tadbirda Moon production tomonidan suratga olingan “Hukm” seriali “Eng yaxshi telenovella” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.
Marosimda serial prodyuseri Kerem Chatay, rejissor Ali Bilgin, ssenariy muallifi Sema Ergenekon hamda bosh rol ijrochilari Pinar Deniz va Kaan Urganjio‘g‘li ishtirok etdi.
Turk seriallari bunga qadar ham xalqaro maydonda bir necha bora eʼtirof etilgan. 2017-yilda “Sevgi iztirobi” seriali “Eng yaxshi telenovella” nominatsiyasida “Emmi” mukofotiga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2019-yil “Shaxsiyat” serialidagi roli uchun Haluk Bilginer “Eng yaxshi inglizzabon bo‘lmagan aktyor” nominatsiyasini qo‘lga kiritgan edi. Shu tariqa, turk seriallarining xalqaro sahnadagi muvaffaqiyati yana bittaga ko‘paydi.
Izoh (0)