Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Rossiyaning Ukraina infratuzilma obyektlariga zarbalari Kiyevga G‘arb tomonidan qurol yetkazib berilayotganiga javob ekanini aytdi.
“Biz Ukraina infratuzilma obyektlariga berayotgan zarbalar ushbu mamlakatning G‘arb qurollari bilan to‘ldirilayotgani va Kiyevning Rossiya ustidan harbiy g‘alaba qozonish haqidagi mulohazasiz da’vatlariga javoban amalga oshirilmoqda”, — dedi u BMT Xavfsizlik kengashining Ukraina bo‘yicha majlisida.
“Rossiya xavfsizligi va hududiy yaxlitligiga tahdid solayotgan Ukraina armiyasi jangovar qobiliyatiga putur yetkazish — maxsus harbiy operatsiyaning maqsadlaridan biri. Va Kiyev rejimi bizni maxsus operatsiya boshlashga majbur qilgan masalalarni muzokaralar doirasida muhokama qilib, yechishga urinish imkonini beruvchi realistik pozitsiyani egallamagunicha, u jangovar usullar bilan amalga oshirilaveradi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Nebenzya.
Shuningdek, Nebenzyaning aytishicha, “turar joylarning vayron bo‘lishi va tinch aholi orasidagi talafotlar Ukrainaning shahar tashqarisida emas, balki uning naq markazida joylashgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi aybi bilan yuz bermoqda”.
“Natijada raketalar bo‘laklari yoki o‘z izidan chiqib ketgan Ukraina raketalari Rossiya nishonga olmagan obyektlarga borib tegmoqda”, — dedi u.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Xavfsizlik kengashi majlisida videoaloqa orqali chiqish qilib, o‘z navbatida, BMTdan o‘ta muhim infratuzilma holatini o‘rganish uchun Ukrainaga ekspertlar missiyasini yuborishni so‘radi.
Rossiya oktabr boshidan beri Ukraina energetika infratuzilmasiga yoppasiga zarbalar bermoqda. Bunday hujumlarning so‘nggisi 23-noyabrda sodir bo‘ldi. Zelenskiyning aytishicha, Rossiya 67 ta raketa uchirgan, oqibatda Kiyev, Odessa va Chernigov viloyatlari elektrdan uzilib qolgan.
Izoh (0)