Daryo

Uch farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalagan, 50 yoshdan keyingina modellikda mashhur bo‘lgan fantastik ayol — Mey Mask haqida

Mey ota-onasi uni qanday tarbiyalagan bo‘lsa, u ham o‘z farzandlarini shunday tarbiyalaganini ta’kidlaydi. Hech qachon ularga kichik bolalar kabi munosabatda bo‘lmagan, hatto uy vazifalarini tekshirmagan

6 daqiqa o‘qish37 457 ko‘rishlar0 izoh0

Mey Maskni fantastik ayol deb atash mumkin. U sobiq erining xo‘rliklari ostida sinmadi: yolg‘iz o‘zi 3 nafar farzandini katta qildi, 5 ta joyda ishladi. Bugun 74 yoshli ayol ajoyib fotosessiyalari va podiumlardagi dadil chiqishlari bilan millionlab odamlarni xayron qoldirmoqda.

Foto: East News

Mey Xoldeman Kanadada tug‘iladi, ammo 3 yoshida oilasi Janubiy Afrikaga ko‘chib ketadi. Har yilning iyulida butun oila Kalaxari cho‘li bo‘ylab yo‘qolgan shaharni izlab sayohatga otlanardi. Ular shaharni hech qachon topa olishmaydi, lekin Meyning so‘zlariga ko‘ra, ular misli ko‘rilmagan go‘zal daryo va g‘orlarni ko‘rishga muvaffaq bo‘lishadi. Balki, aynan shu sayohat Meyning keyingi sarguzashtlarga boy hayotiga ta’sir qilgandir.

Mey o‘zining modellik faoliyatini 15 yoshida boshlagan, 6 yildan so‘ng u “Miss Janubiy Afrika” go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘lgan. 21 yoshida parhezshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasini oladi. O‘sha paytlarda u mijozlari bilan ishlar, shu bilan birga moda jurnaliga suratga tushishga ham ulgurardi. 22 yoshida u o‘quvchilik paytida tanishgan janubiy afrikalik muhandis Errol Maskka turmushga chiqadi.

Surat markazida Mey MaskFoto: East News

Biroq oila qurgach ko‘plab qiyinchiliklarni boshdan kechiradi, jumladan, eri undan oilasi bilan aloqalarini uzishni talab qiladi, shuningdek, uni doimo “ahmoq, xunuk va zerikarli” deb ataydi. Shuncha gaplardan keyin ham u uzoq vaqt davomida eri bilan ajrashishga jur’at eta olmaydi, bundan tashqari o‘sha paytdagi Janubiy Afrika qonunlari ham bunday sabablar bilan nikohni bekor qilmasdi. 1979-yilda, qonun o‘zgarganda, Mey nihoyat eri bilan ajrashadi va qo‘lida 3 bolasi bilan yolg‘iz qoladi.

18 yoshli MeyFoto: East News

Oila Kanadaga ko‘chib keladi. Mey o‘qishni to‘xtatmay, ro‘zg‘orini zo‘rg‘a uchma-uch eplardi. Intervyularining birida u o‘sha paytdagi qashshoqlik uni imkpn qadar ko‘proq ishlashga majbur qilganini aytadi, bir voqeani esa shunday eslaydi: “Bir kuni bolalarimdan biri sutni to‘kib yuborganida yig‘laganimni eslayman. To‘kilgan sutga yig‘lash kerak emas, deyishadi. Ammo men yig‘ladim, chunki o‘sha kuni boshqa sut sotib olishga pulim yo‘q edi”. Mey birinchi maoshiga gilam sotib oladi, chunki ular ko‘chib o‘tgan uyda o‘tirish uchun stullar ham yo‘q edi. Biroz vaqt o‘tgach, Ilon uchun kompyuter olinadi, u o‘tirishga boshqa joy yo‘qligidan aynan shu gilam ustida kompyuter bilan shug‘ullanadi.

Foto: East News

Mey har doim nozik didga ega ekanligini bilardi. Shuning uchun ham u kelgusida eng yaqin dugonasi bo‘ladigan ayol bilan uchrashgunga qadar stilist bo‘lib ishlaydi. Bir kuni u Meyga yaxshiroq kiyinishi kerakligini aytib, uning garderobidagi bir talay liboslar ichidan atigi 6 ta kiyimni olib qoladi, qolganlarini esa tashlab yuboradi. O‘sha paytda Mey faqat kostyum, 2 ta kofta, bir juft poyabzal va sumka sotib olishga qodir edi. U boshqa narsa sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lguncha shu kiyimlarni almashtirib kiyib yuradi.

41 yoshli MeyFoto: East News

Mey ancha vaqtgacha bolalarini arzon va to‘yimli ovqat bilan ta’minlash uchun kiyimlarini arzon-garov do‘konlardan sotib oladi. Kundalik xarajatlariga yetarli pul topish uchun juda ko‘p ishlaydi, hatto bir vaqtning o‘zida 5 ta joyda ishlagan paytlari ham bo‘lgan. Bu haqda Mey shunday deydi: “Kun bo‘yi ishlaganim uchun hech qachon o‘zimni aybdor his qilmayman. Bundan boshqa ilojim ham yo‘q edi. Bolalarga g‘amxo‘rlik qilish birinchi galdagi vazifam edi. Yotishga boshpanam, yeyishga ovqatim va arzon bo‘lsa-da kiyishga kiyimim bo‘lishi uchun ko‘p mehnat qilardim”.

Foto: East News

Bolalari yoshligidanoq ish bo‘yicha kichikroq topshiriqlarni bajarib, onalariga yordam berishdi — qizi Toska doim uning kabinetiga kelib, shifokorlarga xat yozardi; Ilon matn prosessori qanday ishlashini tushuntirardi; kenja o‘g‘li Kimbal ham o‘zicha yordam berardi. Mey ota-onasi uni qanday tarbiyalagan bo‘lsa, u ham o‘z farzandlarini shunday tarbiyalaganini ta’kidlaydi. Ularni mustaqil, mehribon, halol, e’tiborli va odobli bo‘lishga o‘rgatgan. Hech qachon ularga kichik bolalar kabi munosabatda bo‘lmagan, hatto uy vazifalarini tekshirmagan.

Foto: East News

U o‘g‘li Ilonning daho ekanini 3 yoshidayoq bilgan — uni “genial bola” deb atagan. Mey bu haqda shunday deydi: “U men bilan hamma narsa haqida gaplashardi, kuzatuvchan va juda qiziquvchan edi”. Deyarli har bir intervyusida Mey barcha farzandlari bilan faxrlanishini takrorlashdan charchamaydi. Keyinchalik qizi Toska rejissor va prodyuser bo‘ldi, Ilon Teslaning asoschisi va dahosiga aylandi, kenja o‘g‘li Kimbal esa restoranlar tarmog‘i egasi bo‘ldi.

Foto: East News

50 yillik marraga erishgandan so‘ng Mey Maskning modellik karyerasi yuqoriga ko‘tarila boshladi. U bolalar bo‘tqasi, kosmetika brendlarining reklama roliklarida suratga tushadi, shuningdek, Time jurnalining suratga olish ishlarida ishtirok etadi. 2015-yilda u IMG Models nomli yirik xalqaro agentlik bilan shartnoma imzolaydi.

Foto: East News

69 yoshida model CoverGirl kosmetika brendining eng keksa vakiliga aylanadi. 74 yoshida Mey jurnal uchun cho‘milish kiyimida suratga tushadi. U buni shunday izohlaydi: “Men ayollar jurnal muqovasidagi shu rasmimga qarab, qomatlaridan xijolat tortmasdan plyajga borishlarini xohlayman”.

72 yoshli MeyFoto: East News

2019-yilda Mey o‘zining “Rejali ayol. Baxtli hayot qoidalari” nomli memuarini nashrdan chiqardi. Kitobda u keksalik haqidagi qarashlari, shuningdek, boshqa odamlardan keladigan salbiy energiyani darhol yo‘q qilish kerakligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. U o‘z muhitini o‘zgartirishni va yomon odamlarni undan chetlashtirishni o‘rgangani haqida shunday deydi: “Agar berahm odamlar bilan muloqot qilsak, azob chekishni boshlaymiz. Aksincha, atrofimizni mehribon insonlar bilan o‘rab olishimiz kerak”.

Foto: East News

Model hali hech kim undan yuz torttirish yoki botoks inyeksiyalarini qilishni so‘ramaganini alohida ta’kidlaydi. Ammo uning qo‘shimcha qilishicha, agar bu narsa ishi uchun juda zarur bo‘lsa, bu haqda o‘ylab ko‘rishi mumkin. Hozircha Mey ayni holatidan mamnun.

Foto: East News

Mey farzandlarini hayotidagi eng katta yutug‘ deb hisoblaydi. Bugungi kunda model ko‘p vaqtini 13 nafar nabirasi bilan o‘tkazadi. Shuningdek, sevimli itiga ham vaqt ajratadi. Model uyda bo‘lganida kuchugini kuniga 4 marta sayrga olib chiqadi. Mey jismoniy mashqlarni ham e’tiboridan chetda qoldirmaydi: u har kuni velotrenajyorda 30 daqiqa, mushaklari uchun 10 daqiqa va egilib-bukilish uchun 20 daqiqa ajratadi.

Foto: East News

Modelning aytishicha, yoshligida uni har kuni uchrashuvlarga taklif qilishgan. Hozir esa da’vogarlar kamroq, ammo u buni normal holat deb hisoblaydi. Meyning aytishicha, u ko‘pi bilan bir soat erkak kishining baxtsiz hayoti haqidagi nolishlarini tinglashi mumkin, qolgan vaqtini do‘stlari va iti bilan o‘tkazishni afzal ko‘radi. “Men hatto eng yaxshi restoranlarga ham uchrashuv bahona borishni xohlamayman. Men ularga ahamiyat bermayman”.

Foto: East News

Mey Mask yana turmush qurish va nafaqaga chiqish haqida hech qachon o‘ylamaydi, uning onasi ham nafaqaga chiqmaganligini ta’kidlaydi. “Meni hech kim podiumda yoki jurnallarda ko‘rishni xohlamaguncha ishlayman. Agar bu sodir bo‘lsa ham, sevimli ishim — to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha faoliyatimni davom ettiraman. Ammo model 100 yoshga yaqinlashganida dam olishini istisno qilmaydi.

Foto: East News
Mavzuga doir:

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar