Daryo

Daniya qirolichasi va Ispaniya qirolida koronavirus aniqlandi

Daniyada 1-fevraldan boshlab koronavirus sabab joriy etilgan ichki cheklovlar bekor qilingan. Ispaniyada esa 10-fevraldan ko‘chalarda tibbiy niqob taqib yurish majburiyati olib tashlanadi

1 daqiqa o‘qish41 863 ko‘rishlar0 izoh0
Ispaniya qiroli Filipp VI Foto: Reuters

Daniya qirolichasi Margrete II hamda Ispaniya qiroli Filipp VI koronavirusga chalinishdi. Bu haqda Daniya qirolligining matbuot xizmati hamda Ispaniya qirollik saroyi ma’lum qilgan.

Daniya qirolichasi Margrete IIFoto: Getty Images

81 yoshli Margretening 8-fevral kuni topshirgan testi tahlili “musbat” deb baholangan. Qirolichada COVID-19 ning yengil belgilari kuzatilmoqda, deyiladi qirollik saroyining xabarida. Margrete kasallik sabab Norvegiyada o‘tkazishi kerak bo‘lgan ta’tilni boshqa muddatga qoldirdi va Kopnegagendagi Aliyenborg qirollik saroyida – o‘z rezidensiyasida ijtimoiy yakkalash tartibiga o‘tgan.

54 yoshli Ispaniya qiroli Filipp 9-fevral kuni koronavirusga test topshirgan va shu kuni oqshomda unda kasallikning yengil belgilari kuzatilgan. U ham o‘z qarorgohida yetti kunlik ijtimoiy yakkalanish tartibiga o‘tdi. Qirol oilasining boshqa a’zolarida COVID-19 alomatlari kuzatilmagan, deyiladi Ispaniya qirolligi saroyining xabarida.

Ispaniya qiroli Filipp VIFoto: Reuters

Daniyada 1-fevraldan boshlab koronavirus sabab joriy etilgan ichki cheklovlar bekor qilingan. Hukumat ushbu qarorni mamlakat aholisi orasida koronavirusga qarshi emlanish ko‘rsatkichining yuqoriligi (aholining 81 foizi vaksinaning ikkala dozasi bilan emlangan) va kasalxonalarda COVID-19 ga chalingan bemorlar keskin kamaygani bilan izohlagan. Ispaniyada esa 10-fevraldan ko‘chalarda tibbiy niqob taqib yurish majburiyati olib tashlanadi.

Yanvar boshida Shvetsiya qiroli Karl Gustav XVI va uning rafiqasi Silviyada koronavirus aniqlangan. Qirollik  oilasining rasmiy vakili Margareta Torgren monarxlarning vaksinatsiya qilingani va mamlakatda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘paygani tufayli test topshirganini qayd etgan. Qirol va uning rafiqasi koronavirusga qarshi emlangani sabab ularda kasallik yengil kechgan, biroq shunga qaramay, ular ma’lum vaqt oiladan alohida yashagan, ya’ni o‘zni yakkalash tartibiga o‘tgan.

Avvalroq Erdo‘g‘on Kiyevga safaridan so‘ng omikronga chalingani, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanda yana koronavirus aniqlangani, Polsha sobiq prezidenti Lex Valanse koronavirusga chalinganini ma’lum qilgani haqida xabarlar berilgan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar