Buxorolik Oyxon
Maryam Yoqubova 1909-yilning 19-oktabr kuni Buxoro shahrida ishchi oilasida dunyoga keladi. Uch o‘g‘ildan keyin (ikki nafar akasi go‘dakligida nobud bo‘ladi) tug‘ilgan qizaloqqa Oyxon deb buvisining ismini qo‘yishadi.Otasi Qo‘qonda paxta zavodida yuk tashuvchi, paxta bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlaydi. Oila boshi Buxoroga — yaqinlari davrasiga faqat bayramlardagina kelar, tashkil etiladigan kurashlarda hamisha polvon sifatida ishtirok etardi. Onasi eronlik bo‘lib, ziyoli oila farzandi, o‘qish-yozishni bilar, hatto o‘lkaning qonun-qoidalaridan ham yaxshi xabardor edi.
Qizaloq doira chalib, raqs tushishni juda yaxshi ko‘rardi. San’atga qiziqishi kuchliligi sabab dadasidan doira va kavush olib berishini ko‘p so‘rardi.
Maryamning otasi vaqt o‘tgan sari Qo‘qonda uzoq qolib ketadigan odat chiqaradi, pul ham jo‘natmaydi. Shu bois volidasi odamlarning turli arzlarini yozib berish bilan shug‘ullana boshlaydi. Keyin to‘qish va to‘r ro‘mollarni yamashni o‘rganib oladi. Lekin ayolning topganlari besh kishilik katta oila ro‘zg‘origa yetmaydi.
Oila shu tariqa Buxoroda ancha vaqt yashaganidan so‘ng hozirgi Navoiy viloyatidagi Karmana shahriga ko‘chib o‘tadi.
Jajji raqqosa
Maryamning Halirxon ismli xolasi Buxoro amiri saroyida taniqli raqqosa va qo‘shiqchi sifatida dong taratadi. Xolasinikiga mehmonga borgan qizaloq unga ergashib, afsonaviy Arkka boradi. Maryam o‘shanda yetti yoshda edi.Xolasining saroy mehmonxonasida Xorazm, Qo‘qon xonlarining xotinlari oldida qo‘shiq aytib, raqs tushishini ko‘rgan jiyan bu manzaradan hayratga tushadi. Amir Olimxonning volidasi Eshon oyi “Bu qizcha o‘yinga tushishni biladimi?”, deya Maryamga ishora qiladi. Halirxon savolga “Yo‘q”, deb javob berar-bermas, qizaloq “Ha, bilaman”, deb yuboradi.
Xola jiyanining raqsga tushishni bilishi haqida xabari yo‘qligini aytib, o‘zini oqlashga kirishadi. Ammo Eshon oyi uning so‘zlariga parvo ham qilmaydi. Saroy bekasi qizchaning qornini to‘ydirib, kiyimlarini almashtirishni, u birozdan so‘ng o‘ynab berishini aytadi.
Tushlikdan keyin Maryam mehmonlar qarshisida raqs tushadi va amir onasining mehrini qozonadi. Eshon oyi “Endi mening qizim bo‘lasan!”, deb qizaloqni saroyda olib qoladi. Halirxon esa uyiga jiyanisiz bir o‘zi qaytadi.
Maryam saroy bekasi bilan birga yashay boshlaydi. Qizaloq saroyda raqqosalikdan tashqari, Eshon oyining yelkalari-yu bo‘ynini uqalovchiga ham aylanadi.
U xolasi Halirxonni faqat katta bayramlarda uzoqdan ko‘rardi, xolos. Unga yaqinlashishiga qo‘yishmasdi.
Saroydan qochish...
Maryam saroyda Amir Olimxonning xotinlaridan biri Oyimsho bilan inoqlashib qoladi, undan boshqa hech kimga ishonmasdi. Oyimsho qizaloqning saroydan qochishiga yordam qilishni va’da bergani uchun Maryam uning ayrim maxfiy vazifalarini ham bajarib turardi. Sirli topshiriqlarni amalga oshirish davomida taniqli davlat arbobi, O‘zSSR Xalq Komissarlari Kengashining birinchi raisi Fayzulla Xo‘jayev bilan tanishib qoladi va uning uyiga tez-tez maktub olib boradi.Kunlardan bir kuni saroyda Oyimsho haram og‘asi bilan o‘pishib turgani haqida gap-so‘zlar tarqaladi. Saroy xonimlarining bir necha nafari o‘ylab topgan bu bo‘htonga Eshon oyi va Amir Olimxon ishonib, qattiq g‘azablanishadi hamda Oyimshoni sarbozlar qo‘liga topshirishni buyurishadi.
Shundan so‘ng amir kanizaklaridan biri orqali yaqin orada Maryamni xotinlikka olish rejasi borligini onasiga yetkazadi. Eshon oyi bu gapni eshitgach, “Amirga aytinglar, buning hech ham iloji yo‘q. Birinchidan, u hali juda yosh. Ikkinchidan, uni qiz qilib olganman, mening yagona yupanchim”, deya qarshilik ko‘rsatadi. Bu javobdan Amirning jahli chiqadi. Bir necha kun mobaynida ona-bola bu masalada muzokara olib boradi. Buni eshitgan Maryam kuchli sarosimaga tushadi.
O‘sha kunlarda Oyimsho bilan do‘stona munosabatda bo‘lgan amirning Feruza ismli xotinlaridan biri Maryamga Arkdan chiqib ketishiga yordam berishini aytadi. Qizaloq bir necha kundan keyin tunda, hamma uxlagan paytda Begijon haramog‘asi hamrohligida saroydan xolasining uyiga qochadi.
Yarim kechasi eshigining oldida jiyanini ko‘rgan Halirxon vahimaga tushib, qo‘rqib ketadi. U o‘sha zahotiyoq Maryamni Samarqanddagi opasinikiga yuborishga qaror qiladi. Qizaloq, taxminan, tungi soat uchlarda poyezdda Samarqandga ketadi.
Sakkiz nafar farzandi bilan beva qolgan xolasi Maryamni iliq qarshi olmaydi. Uning uyida o‘n kun yashagan jiyan yaqinlar sog‘inchi sabab poyezd orqali oilasi bag‘riga qaytadi.
O‘n bir yoshli kelinchak
Oradan uch yil o‘tib, ota hovlisiga qaytgan Maryam uy ichkarisida onasining og‘ir ahvolda yotganini ko‘rib, yig‘lab yuboradi. Ular quchoqlashib, ko‘rishgach volidasi “Endi sening isming Maryam, Oyxonni esingdan chiqar”, deydi.Qizaloq saroyda yurgan vaqtida otasi Qo‘qondagi ishidan bo‘shab, Karmanaga qaytib kelgan bo‘ladi. Xonadon bekasi tuzalib, oyoqqa turganidan keyin butun oila mehnat qila boshlaydi. Lekin ularning tinch hayoti uzoq davom etmaydi. Amirlik hududidagi notinchlik sabab harbiylar aholiga o‘zlari bilan hech narsa olmasdan uylaridan chiqib ketishlarini buyuradi. Ko‘plab oilalar singari Maryamning yaqinlari ham vagonlarga o‘tkazilib, Samarqandga jo‘natiladi.
Maryamning katta xolasi ularni uyiga olib ketadi. U ayol juda boy bo‘lsa-da, oila uning xonadonida bir oycha yashab, boshqa uyda ijarada yashay boshlaydi. Ona homilador bo‘lishiga qaramay, ro‘zg‘or tebratish uchun turmush o‘rtog‘i bilan teng harakat qiladi. Ammo u oy kuni yaqinlashgach, o‘lik bola tug‘adi, o‘zi esa qiynalib, o‘ttiz ikki yoshida hayotdan ko‘z yumadi. Ota sakkiz yoshli o‘g‘lini olib, shahardan bosh olib chiqib ketadi.
Maryam va singlisi xolasining qo‘lida qoladi, oiladagi qolgan o‘g‘il farzandlar bolalar uyiga joylanadi. Bir necha oydan keyin xola Maryamni Andijondagi amakisinikiga yashashga jo‘natadi. Qizaloqni amakisining xotini qovoq uyib kutib olarkan, “Sakkiz jonga bir tiyin yo‘q, sen to‘qqizinchisisan, amaking olti oydan beri qamoqda”, deydi. Bu gapdan keyin Maryam Samarqandga — xolasining uyiga qaytishga majbur bo‘ladi.
Xola o‘n bir yoshli jiyanini qashqadaryolik Hayot ismli yigitga majburan turmushga uzatadi. Shahrisabzda uch yil yashagan Maryam eri safarga ketganidan foydalanib, qo‘shni o‘qituvchi ayol ko‘magi bilan kelinlik uyini tark etadi.
Moskvaga yo‘l...
Yana Samarqandga qaytgan Maryam u yerda akasi Rafiqjon bilan ko‘rishadi va ikkisi Buxorodagi xolasi Halirxonning uyiga borib, boshidan kechirgan barcha voqealarni hikoya qiladi. Singlisining Moskvada o‘qish orzusi borligini eshitgan Rafiqjon uni Fayzulla Xo‘jayevning huzuriga olib boradi. Paranjini yechgan Maryamni ko‘rgan Fayzulla Xo‘jayev xursand bo‘lib ketadi. Qizaloq unga ham ko‘rgan-kechirganlarini aytib beradi. Fayzulla Xo‘jayev Maryamning tanlovini qo‘llab-quvvatlab, bir guruh yoshlar qatorida Moskvaga o‘qishga yuboradi.Salkam bir yil davomida rus alifbosini, yozish va muloqot qilishni, gazeta va kitob o‘qishni o‘rganadi. Shundan keyingina uni Moskvadagi Sharq mehnatkashlari universitetining birinchi kursiga qabul qilishadi. Bir yildan keyin u o‘qishini o‘zbek ishchilar fakultetiga ko‘chiradi.
Keyinchalik O‘zbek maorif instituti nomini olgan ishchilar fakultetida teatr-studiya faoliyat yuritadi. Maryam u yerda Mannon Uyg‘ur, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Sora Eshonto‘rayeva, Toshxon Sultonova kabi iqtidorli yoshlar bilan tanishadi. Studiyaning bu o‘quvchilari bir necha yil o‘tib, o‘zbek madaniyatining g‘ururiga aylanadi.
U san’atga qiziqishi tufayli kinotexnikumga ham hujjat topshiradi va imtihondan yuqori baho oladi. Kunduzi ishchilar fakultetida, kechqurunlari kinotexnikumda o‘qiy boshlaydi.
Maryam Yoqubova Moskvada o‘qib yurganida Maksim Gorkiy, Romen Rollan, Vladimir Mayakovskiylar bilan suhbatlashadi. Erining qarindoshlari tomonidan pichoqlangan Tursunoy Saidazimovaning yaqin dugonasi, sirdoshi bo‘ladi, bosmachilar-milliy ozodlik harakati kurashchilari tiriklayin qumga ko‘mgan, darralagan, tilini kesib tashlagan Mayna Hasanovaga ayrim yumushlarini bajarishga yordamlashadi.
1928-yili kinoaktrisa diplomini olgach, Fayzulla Xo‘jayev Maryamni barcha o‘zbek iqtidorli yoshlari qatori Germaniyaga o‘qishga ham yubormoqchi bo‘ladi. Lekin u rad etib, Toshkentga qaytish niyatini borligini aytadi.
Uchta teatrda charxlangan aktrisa
Oliy o‘quv yurtini tamomlab, 1929-yili Toshkentga qaytgan Maryamni Tojikistondagi Dushanbe teatriga ishga taklif qilishadi. Ammo u Dushanbega borishdan voz kechadi. So‘ngra tanishlarining taklifi bilan Hamza teatrida ishlashga qaror qiladi. Uni teatrda Mannon Uyg‘ur, Obid Jalilov, Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov kabi aktyorlar quchoq ochib kutib oladi.Maryam Yoqubova teatrdagi ilk rolini Uyg‘un sahnalashtirgan “Halima” musiqali dramasida ijro etadi. Bir yildan keyin ko‘chma O‘zbek davlat ishchi teatri tashkil etiladi va Maryam ham o‘sha teatr truppasida ijodini davom ettiradi. “Paxta kushandalari”, “Ikki kommunist” kabi sahna asarlarida ishtirok etadi.
Ko‘cha teatr tarqatilib yuborilgach, Hamza teatrining asosiy tarkibiga o‘tadi. Teatr rahbarlari uni Moskvaga, Meyerxold nomidagi teatrga malaka oshirishga yuboradi. Rossiyadan qaytib, 1933–1939-yillarda Sverdlov nomli musiqa teatri (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri)da Komil Yashinning “Gulsara”sida Ro‘zvon, Xurshidning “Farhod va Shirin”da Mehinbonu, “Arshin mol-olon”da Zebo obrazlarini yaratadi.
1939–1941-yillarda Muqimiy nomidagi musiqali drama va komediya teatrida qizg‘in faoliyat olib boradi. Teatrdagi ijodi davomida yaratgan epchil, xushchaqchaq va dono Maysara obrazi uni elga tanitadi. Aktrisa “Maysaraning ishi”dagi Maysara rolining birinchi ijrochisiga aylanadi.
1941-yilda Hamza teatriga ishga taklif etiladi. Mashhur ijodiy jamoadagi ko‘p yillik faoliyati jarayonida “Gamlet”, “Boy ila xizmatchi”, “Xolisxon”, “Revizor” singari yuzlab spektakllarda turli xarakterdagi rollarni muvaffaqiyatli ijro etadi. U ijodda erkinlik, soddalik, oddiylik va samimiyatni juda qadrlardi.
Kino olamidagi betakror rollar
Kino san’atida ham samarali ijod qilgan Maryam Yoqubova talabalik paytidanoq filmlarda suratga tushadi. Uning ekrandagi debyuti 1925-yilda suratga olingan “Muz uyi” kinosida epizodik rol bo‘ladi. “Mosfilm” mahsulotlari hisoblangan “Tug‘ishganlar”, “Tref xonim” badiiy filmlarida ham o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazadi.1953-yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasida yaratilgan “Boy ila xizmatchi” filmidagi Xonzoda obrazi birinchi katta roli bo‘lib, shu ijrosi orqali xalqqa taniladi. Shundan keyin “Opa-singil Rahmonovalar”, “Maftuningman”, “Gang daryosining qizi”, “Qalbingda quyosh”, “Sevgi afsonasi”, “Ali Bobo va qirq qaroqchi” singari filmlarida ham rollar o‘ynaydi.
Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” filmidagi Oyposhsha roli aktrisani elga yanada mashhur qiladi. Yo‘ldosh A’zamov tomonidan 1969-yilda suratga olingan “O‘tkan kunlar”dagi O‘zbekoyim roli aktrisaning shoh obrazi sifatida tarixga kiradi.
Maryam Yoqubova ijodida radioning o‘rni alohida ahamiyatga ega. U O‘zbekiston radiosi tashkil bo‘lgan birinchi kunlardan to umrining so‘nggigacha turli radiopostanovkalar va radiojurnallarda faol qatnashadi. “Oqshom ertaklari”dagi eshittirishlari orqali minglab bolajonlarning sevimli ertakchi buvisiga aylanadi.
Shaxsiy hayot
O‘n bir yoshida xolasi tomonidan majburan turmushga uzatilib, uch yildan so‘ng kelinlik uyidan qochib ketgan Maryam Yoqubovaning hayotiga 1930-yil haqiqiy sof, chin muhabbat kirib keladi. Hamza teatrining milliy cholg‘u asboblari orkestrining musiqiy rahbari Mirvohid Mirkarimov bilan turmush quradi. 1931-yilning 4-iyunida o‘g‘li Sulaymon dunyoga keladi. Aktrisaning onasi va qaynonasi yo‘qligi bois 11 kunlik chaqalog‘ini viloyatma-viloyat ijodiy safarlarda o‘zi bilan birga olib yurishga majbur bo‘ladi.Bir necha yildan keyin urush boshlangach, Mirvohid Mirkarimov frontga jo‘naydi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, uning Ukrainadagi Fyodorovka qishlog‘ida halok bo‘lgani haqida shumxabar keladi.
Maryam Yoqubova 1941-yili yaqin dugonasi Nazmining akasi Jo‘ra Jalolovga turmushga chiqadi. Sog‘lig‘i tufayli urushga bormagan harbiy yigit san’atni tushunmasdi. 1942-yilda juftlik farzand ko‘radi va aktrisa qizi qadrdon dugonasi Tamaraxonimga o‘xshab yurishini niyat qilib, unga Tamara deb ism qo‘yadi.
Vaqt o‘tgan sari Jo‘ra Jalolov aktrisaga taqiqlar qo‘ya boshlaydi, ya’ni teatrdagi ishini yig‘ishtirib, farzandlarini tarbiyalab, uyda o‘tirishini talab qiladi. U juda rashkchi bo‘lib, Maryam Yoqubovaga bo‘lsa-bo‘lmasa, to‘pponchasini o‘qtalardi.
Uydagi notinchlik, rashk ustidagi janjallar sabab aktrisa umr yo‘ldoshi bilan ajrashishga qaror qiladi. Shu tariqa sakkiz yillik nikohga nuqta qo‘yiladi. Oila darz ketganidan keyin ham Jo‘ra Jalolov aktrisani uzoq vaqtgacha tinch qo‘ymaydi. Shundan keyin Maryam Yoqubova dugonasi Nazmi bilan maslahatlashib, sobiq erini uylab qo‘yishadi. Asta-sekin ko‘p farzandli otaga aylangan Jo‘ra Jalolov aktrisani butkul yodidan chiqaradi.
Maryam Yoqubovaning o‘zbek kino va teatr san’ati ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari munosib e’tirof etilib, 1955-yil O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan taqdirlanadi.
Afsonaviy san’atkor 1987-yilning 2-fevralida Toshkent shahrida vafot etadi.
Materialni tayyorlashda Maryam Yoqubovaning “Davrim va davram” kitobidan foydalanildi
Izoh (0)