Daryo

To‘ladan kelgan ayollarning kuzgi obrazi uchun tavsiya qilinadigan liboslar (foto)

Rang-barang, printli ro‘mollar kuzgi obrazni yanada qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi

3 daqiqa o‘qish49 044 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Marie Claire

Istalgan qomat egasi o‘ziga xos ko‘rinishi va obrazi bilan atrofdagilarni lol qoldirishi mumkin. Buning uchun eng asosiysi kamchiliklarni yashirib, afzalliklarga urg‘u berishni uddasidan chiqish kerak.

Kostyum-shim

Foto: Marie Claire

Moda ixlosmandlarining garderobidan allaqachon joy olib ulgurgan bir rangdagi kostyum-shimlar to‘ladan kelgan ayol-qizlar uchun ayni muddao. Asosiysi tanlash borasida ayrim jihatlarni inobatga olish kerak. Qaddi-qomati nozik bo‘lmagan ayollar shimni to‘g‘ri bichimlisini tanlashi kerak. Bu ularning bo‘ksa va sonlaridagi kamchiliklarni yashirishga yordam beradi. Strelkali yoki istalgan vertikal chiziqli modellar ixcham ko‘rinish va ortiqcha kilolarning ko‘zga tashlanmasligiga hissa qo‘shadi. Kostyum esa keng, ichidan vodolazka yoki jemfer kiyishga mo‘ljallangan bo‘lishi lozim. Ammo shu bilan birga yanada to‘la ko‘rsatmasligi uchun haddan ortiq keng modellarga e’tibor qaratish tavsiya qilinmaydi.

Djinsi

Foto: Marie Claire

Ozg‘in bo‘lmagan nozik jins vakillariga etaklari keng yoki bo‘ksadan to‘g‘ri turadigan qilib bichilgan djinsi shim modellariga e’tibor qaratish tavsiya qilinadi. Etaklari keng shim ayniqsa, poshnali poyabzallar bilan o‘ziga xos ko‘rinadi. Uni qulay jemfer, romantik uslubdagi bluzka va trendga xos sviterlar bilan umumlashtirsangiz bo‘ladi.

Trikotaj

Foto: Marie Claire

To‘la ayollar kuzgi garderobda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan trikotaj libos tanlaganda, undagi choklar bo‘rtmaganligiga e’tibor qaratishi kerak. Aks holda odatdagidan ham qo‘pol ko‘rinib qolish mumkin. Oddiy trikotajning biroz tashlab turadigani esa aksincha, kamchiliklarga urg‘u bermaydi. Uni shim, yubka va hatto yubka bilan ham umumlashtirsa bo‘ladi.

Yubka va ko‘ylak

Foto: Marie Claire

Sovuq harorat ayollarga xos nazokatni unutish uchun sabab bo‘la olmaydi. Bir vaqtning o‘zida dilbar va qulay kiyinish uchun ko‘ylak ustidan jemfer yoki sviter kiyib, poyabzal borasida botinkalarga e’tibor qaratish tavsiya qilinadi. Plissirovkali yubka esa qomatning to‘la qismlarini yashirishga hissa qo‘shishi bilan o‘ziga xos. Old qismi “zapax”li variantlar istalgan qomatga mos tushib jozibali ko‘rsatishi mumkin.

Ustki kiyim

Foto: Marie Claire

Do‘mboq ayollar uchun uzunligi boldirga tushib turadigan trenchlar ayni muddao. Belbog‘i bor variantlar sarvqomat ko‘rsatishga hissa qo‘shadi. Qolaversa, ko‘rinishi xalatni esga soladigan, oddiy bichimli va to‘g‘ri uzunlikdagi palto ham obrazni o‘ziga xos bo‘lishini ta’minlaydi. Bu bilan cheklanmasdan kurtkalar tanlashingiz mumkin. Haddan ortiq oversize va yopishib turadigan modellardan qochish, qomatdan kelib chiqib tanlov qilish kerak.

Poyabzal

Foto: Marie Claire

Poyabzalning baland yoki poshnasini tanlash o‘zingizga havola. Kundalik obrazlar uchun hajmli sport uslubidagi oyoq kiyimlarga e’tibor qarating. Etik va botilyonlarni esa yuqori qismi oyoqning eng keng qismida tugamasligiga e’tibor bering.

Sumka

Foto: Marie Claire

Ixcham sumkalar uni tutgan ayol yo qizning to‘laligi ko‘zga tashlanishiga sabab bo‘ladi. Buning o‘rniga dumaloq geometrik va shakli qopni esga soladigan variantlarni xarid qiling. O‘rtacha kattalikdagi qattiq sumka eng yaxshi variant hisoblanadi.

Aksessuarlar

Foto: Marie Claire
Rang-barang, printli ro‘mollar kuzgi obrazni yanada qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi. Qolaversa, kuz bosh kiyimlarini kiyish uchun ham ayni muddao. Shlyapa, beretka va kepkalar istalgan qomat egasini o‘ziga xos ko‘rinishiga sabab bo‘ladi. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar