Toshkent metropolitenining “Chilonzor” yo‘nalishida joylashgan “Xalqlar do‘stligi” bekatida poyezd vagonlaridan birining eshigida nosozlik kuzatildi, deb xabar beradi metropoliten matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, 22-sentabr kuni soat 08:37 da “Xalqlar do‘stligi” bekatida 13-yo‘nalishdagi harakat tarkibining 2-vagonidagi 4-eshiklari texnik nosozlik tufayli yopilmay qolgan. Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lovchilar ushbu poyezddan tushirilgan. Ortdan kelayotgan 5-yo‘nalishdagi harakat tarkibi bir daqiqada yetib kelib, yo‘lovchilarni olib ketgan.
“Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Qayd etish joizki, mart oyidan buyon Toshkent metropoliteni bilan bog‘liq shu kabi voqealar tez-tez yuz bermoqda. Xususan, 18-mart kuni “Olmazor” (Chilonzor yo‘li) va “Bekat-1” (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikki poyezd to‘qnashgandi.
9-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi. Shu bilan birga, metropolitendagi yerosti va yerusti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. 28-aprel kuni esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib, bekatga yetib olgani tasvirlangan. 13-may kuni “Amir Temur xiyoboni” bekatida barcha yo‘lovchilar tushirib yuborilgandi. 20-iyun kuni “Olmazor” bekatida ham xuddi shu kabi holat yuz bergan, 28-avgust kuni Toshkent metrosi poyezdida kuzatilgan nosozlik sabab yo‘lovchilar “Toshkent” bekatida tushirib qoldirilgan, 20-sentabr kuni esa Toshkentda metro poyezdi “G‘ofur G‘ulom” bekatida to‘xtab qolgandi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)