AQSh Savdo belgilari va patentlari idorasi (USPTO) Tesla kompaniyasining “transport vositasining oyna yuzasidagi chiqindini tozalovchi impulsli lazerli texnologiya” patentini ro‘yxatdan o‘tkazdi. U an’anaviy oynatozalagichlar o‘rnini egallash uchun mo‘ljallangan: Tesla muhandislarining rejasi bo‘yicha ularning o‘rniga oynadagi suv va changni lazerlar tozalaydi, aniqrog‘i parlantirib yuboradi. Bundan tashqari, texnologiyadan yon oynalarda ham foydalanish mumkin, deb xabar beradi Motor.

Foto: Tesla

Patent arizasiga ko‘ra, Tesla lazerli oynatozalagich ustida ikki yil ish olib borgan. Agarda datchiklar old oynalarda suv yoki changni ko‘rsa, oyna tozalovchi cho‘tkalar o‘rniga impulsli lazerlar ishga tushib, yuzani tozalaydi. Lazer nurlari oynadan o‘tib ketmaydi, shuningdek, lazerli texnologiyadan nafaqat old oynalarda, balki boshqalarida ham foydalanish mumkin. Shu bilan birga, impuls lazerlardan boshqa maqsadlarda ham foydalansa bo‘ladi. Ular radarlar va kameralar obyektivlari, shuningdek, quyosh batareyalarini tozalay oladi.

Old oynani tozalovchi lazerli tizimga prototipida umuman oynatozalagichi bo‘lmagan Tesla Cybertruck elektropikapi ega bo‘lishi mumkin. Bu Tesla’ning oyna tozalagichlar borasidagi birinchi patenti emas: avvalroq kompaniya elektromagnit uzatma orqali oynaning butun yuzasini tozalashga qodir konstruksiyani yaratgandi.

Avvalroq Tesla’ning 25 ming dollarlik arzon elektromobili 2023-yilda taqdim etilishi hamda u rul va tepkilarga ega bo‘lmasligi to‘g‘risida xabar berilgandi.