O‘zbekistonda Lada avtomobillarini seriyali ishlab chiqarish boshlandi. Bu haqda Lada avtomobillarining mamlakatdagi rasmiy importchisi Roodell’ga tayanib, Spot xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yirik uzelli yig‘ish (YUY) usulida ishlab chiqarilgan dastlabki Lada Vesta SW va Lada XRay modellari hozirda dilerlik tarmoqlariga yuborilish uchun tayyor. Tez orada ular qatoriga Lada Largus ham qo‘shiladi.

Avtomobillarni yig‘ish ishlari Jizzax erkin iqtisodiy zonasida joylashgan ADM Jizzakh avtomobil zavodida yo‘lga qo‘yilgan.

“O‘zbekiston — ‘AvtoVaz’ning muhim eksport bozorlaridan biri hisoblanadi, Lada brendi esa respublikada yaxshi tanilgan. Hamkorlikning yangi bosqichi mijozlarga zamonaviy avtomobillar va sifatli servisni taqdim etgan holda Lada’ning mamlakat bozorida rivojlanishini davom ettirishga imkon beradi”, — deyiladi kompaniya xabarida.

Mahalliy yig‘ish ishlari Lada avtomobillarini iste’molchilar uchun hamyonbop bo‘lishini ta’minlaydi, birinchi navbatda kredit dasturlari va Trade-in orqali. Bundan tashqari, lokal yig‘ish davlat xaridlarida ishtiroki sabab mijozlar ko‘lamining ortishiga olib keladi.

Ma’lumot uchun, 2020-yilda O‘zbekistonda Roodell dilerlik tarmog‘i orqali 5 mingdan ortiq Lada avtomobillari sotilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda Lada va Renault avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani 2020-yilning oxirlarida ma’lum bo‘lgandi. Bu haqda 2021—2023-yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlangan Prezident qarorida keltirilgan. 2021-yilda Renault-“AvtoVAZ” avtomobil zavodi qurilishi va ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.