Xitoy “Gaofen-5” masofadan sezuvchi sun’iy yo‘ldoshini Yer orbitasiga muvaffaqiyatli uchirdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV)ga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Sun’iy yo‘ldosh ikki pallali “Chanchjen-4C” raketa tashuvchisi yordamida quyoshning sinxron orbitasiga olib chiqildi. Uchirish 7-sentabr kuni Tayyuan kosmodromidan Toshkent vaqti bilan 8:01 da amalga oshirildi.
Bu Xitoyning 2021-yil hisobida 32-marta sun’iy yo‘ldosh uchirishi.
“Gaofen-5” yuqori aniqlikdagi qisqa to‘lqinli giperspektral kamera, issiqxona gaz detektori, yuqori aniqlikdagi infraqizil atmosfera detektori, shuningdek, turli tabiiy hodisalarni kuzatish asboblari bilan jihozlangan. Sun’iy yo‘ldosh taxminan 705 kilometr balandlikdagi quyosh-sinxron orbitasiga olib chiqildi.
“Gaofen” masofadan sezuvchi sun’iy yo‘ldoshlari oilasi Yerni tun-u kun yuqori aniqlikda kuzatuvchi yo‘ldoshlar tizimi(CHEOS)ni tashkil etish dasturi doirasida ishlatiladi. Dastur Xitoy hukumati tomonidan 2010-yilda tasdiqlangan. Hukumat rejasiga ko‘ra, CHEOS’ni amalga oshirish jarayonida tabiiy ofatlar yuz berishi haqida ogohlantiradigan, ob-havoni bashorat qiladigan, Xitoyning turli hududlarida hosildorlikni baholaydigan, shuningdek, mamlakat hududlarida sug‘orish tizimlarining ishlashini va iqtisodiy o‘sish istiqbollarini kuzatib boradigan sun’iy yo‘ldosh tizimini yaratish zarur.
Davlat dasturi doirasida “Gaofen” sun’iy yo‘ldoshining birinchi uchirilishi (GF-1) 2013-yil 26-avgustda Szyutsyuan kosmodromidan “Chanchjen-2D” ikki pallali uchirish moslamasi yordamida amalga oshirilgan. Xitoy sun’iy yo‘ldoshidan tashqari, orbitaga boshqa mamlakatlardan — Argentina, Ekvador va Turkiyadan uchta mikroyo‘ldosh olib chiqilgan.