FullHD+ sifatni qo‘llab-quvvatlovchi 6,4 dyuymli AMOLED-ekran, sig‘imi 6000 mA/soatli akkumulyator va 15 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasiga ega Samsung Galaxy M21 (2021) modeli taqdim etildi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru. Smartfon Exynos 9611 protsessori bazasida ishlaydi.

Foto: Samsung

Qurilmaning frontal kamerasi 20 megapiksellni tashkil etadi, uchtalik kamerasining asosiy sensori 48 megapikselga teng, shuningdek, 8 megapikselli ultrakeng burchak va 5 megapikselli chuqurlikni o‘lchovchi datchik mavjud.

Yangi modelning 2020-yilda taqdim etilgan Samsung Galaxy M21’dan asosiy farqi Android 11 operatsion tizimida (One UI 3.1) ishlashi va “ayrilgan” kameralar dizaynida.

Narxi bo‘yicha ham yangi model ustunlikka ega: Hindistonda smartfonning 4/64 gigabaytli versiyasi 168 dollarga, 6/128 gigabaytli versiyasi esa 194 dollarga sotilmoqda. O‘tgan yilgi modelning bazaviy versiyasi 175 dollarni tashkil etgandi.

Avvalroq Samsung Galaxy S21 FE 5G’ning sifatli renderlari taqdim etilgani, Samsung’ning buklanuvchan “garmoshka-planshet”i yangi tasvirlarda paydo bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.