Rossiyaning Kamchatka o‘lkasida An-26 yo‘lovchi samolyotining halokatidan keyin uch kunlik motam e’lon qilindi. Tegishli farmon gubernator Vladimir Solodov tomonidan imzolandi, deb yozadi “RBK”.
“7-iyuldan 9-iyulgacha butun hudud bo‘ylab Rossiya Federatsiyasi va Kamchatka o‘lkasining bayroqlari tushirilishi kerak. Teleradiokompaniyalar va madaniyat muassasalariga ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar va tadbirlarni bekor qilish taklif etildi”, — dedi gubernator.
Halok bo‘lganlarning oilalariga sug‘urta to‘lovlari taqdim etiladi: samolyotga egalik qilgan “Kamchatka aviakorxonalari” tomonidan 1 million rubldan (taxminan 13,4 ming dollar), o‘lka budjetidan esa 500 ming rubldan (taxminan 6,7 ming dollar) ajratiladi. Shuningdek, “Kamchatka aviakorxonalari” qurbonlarning qarindoshlarini Palana qishlog‘iga yetkazib qo‘yadi va ularga vaqtinchalik boshpana beradi.
An-26 samolyoti Petropavlovsk-Kamchatka shahridan Palana qishlog‘iga uchayotgan edi. Qo‘nishga bir necha daqiqa qolganida ekipaj bilan aloqa yo‘qolib qolgan. Samolyot bortida 22 yo‘lovchi, shu jumladan, olti yoshli bola, Palana ma’muriyati mansabdorlari hamda olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning barchasi halok bo‘lgan.
Qutqaruvchilar samolyot qulab tushishi oqibatida halok bo‘lgan olti kishining jasadini topishga muvaffaq bo‘ldi, ular suvdan chiqarib olindi.
Samolyotning bo‘laklari Palana aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagidan 4-5 km uzoqlikda topildi. An-26 ko‘rinish darajasi past bo‘lgani sababli qo‘nish uchun ikkinchi marta urinish chog‘ida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“TASS” xabar berishicha, An-26 samolyoti 1982 -yildan beri ishlab keladi va uning uchishga yaroqliligi to‘g‘risidagi sertifikat muddati 2021-yil 30-avgustda tugaydi.
Tergov qo‘mitasi tomonidan harakat xavfsizligi va havo transporti ekspluatatsiyasi qoidalarini buzish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov hodisaning uchta talqinini ko‘rib chiqmoqda, bular — noqulay ob-havo, samolyotning texnik nosozligi va boshqaruvdagi xatolik.