Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yo‘lning qatnov qismiga yotib olgan piyodani bosib ketib, voqea joyidan yashiringan Nexia haydovchisi qo‘lga olindi. Bu haqda IIV YHXBB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 7-iyun 22:20 larda Yangiyo‘l shahar IIB navbatchilik qismiga o‘lim bilan bog‘liq YTH bo‘yicha xabar kelib tushgan. Unga ko‘ra, Toshkent—Dushanbe xalqaro avtomobil yo‘lining Yangiyo‘l shahar hududidan o‘tgan 25-kilometrida noma’lum haydovchi noma’lum transport vositasida yo‘lning qatnov qismiga yotib olgan piyodani bosib ketgan.
Haydovchi jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatmay, voqea joyidan ketib qolgan. “Niyozboshi” QFYda yashagan 36 yoshli piyoda esa voqea joyida vafot etgan.
IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbir davomida ushbu hududda joylashgan korxona va tashkilotlarga tegishli kameralarning videolari o‘rganib chiqilgan. Shundan so‘ng YTH sodir etgan avtomobil va uning haydovchisi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, avariyani Niyozboshi qishlog‘ida yashovchi, 2001-yilda tug‘ilgan A. ismli fuqaro o‘zining Nexia rusumli avtomobilida sodir etgan.
“Nima borligini ko‘rmadim, bir narsaning ustidan o‘tib ketdim. Mashinani o‘ng tarafga olgandim, orqadan kimdir baqirdi. Bundan qo‘rqib, qochib ketdim”, — deydi haydovchi.
Avvalroq Toshkentda yuz bergan yirik YTH ishtirokchisi bo‘lgan haydovchi voqea joyidan qochib ketgani ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)