Karib dengizida joylashgan Puerto-Riko orolining Luma Energy energetika kompaniyasi o‘zining podstansiyalaridan birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berdi. Hodisa oqibatida orolning bir nechta hududlari elektr energiyasiz qoldi.

Foto: wikimedia.org

“Yong‘in orol bo‘ylab elektr energiyasining keng ko‘lamli uzilishlariga olib keldi”, — deyiladi kompaniya Twitter’da.

Voqea sodir bo‘lganidan so‘ng darhol 400 ming kishi elektr energiyasiz qolgani xabar qilindi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 60 ming kishi elektr ta’minoti haligacha tiklanmagan zonada qolmoqda. Yong‘in sodir bo‘lishidan sal oldin kompaniya kiberhujum haqida xabar bergan. Xabarga ko‘ra, kiberhujum kompaniya mijozlariga o‘z hisob raqamlariga kirish imkonini bermagan.

Puerto-Rikoning AQSh Kongressidagi vakili Jenifer Gonsales ushbu energetika kompaniyasi bilan bog‘liq muammolar unga yagona hodisalar bo‘lib tuyulmasligini ta’kidlab, tekshiruv o‘tkazishga va’da berdi.