Toshkent shahri Chilonzor tumanida Cobalt va Matiz ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda YHXBB.

Foto: YHXBB

Qayd etilishicha, 1-may kuni soat 12:30 larda Toshkent shahar Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasida Matiz hamda Cobalt rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lib, transport vositalari ag‘darilgan.

Natijada Cobalt rusumli avtomobil haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchisiga hamda Matiz rusumli avtomobilning ikki nafar yo‘lovchisiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilib, to‘qnashuv yuzaga kelish sabablariga oydinlik kiritilmoqda.

Bundan avval Farg‘onada ikki Damas to‘qnashuvi oqibatida haydovchilardan biri vafot etgani, Dehqonobodda boshqaruvni yo‘qotgan Cobalt haydovchisi “Jiguli”ga urilgani hamda Toshkentda daraxtga urilgan Lacetti’ning 25 yoshli haydovchisi vafot etgani haqida xabar berilgandi.