O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasida Ai-80 markali benzin narxi 0,2 foizga ko‘tarildi, deya xabar bermoqda birja matbuot xizmati.

“O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi”ga 29-martdan 4-aprelgacha bo‘lgan muddatda 33 222,0 tonna Ai-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 11 815,5 tonnasi, ya’ni 35,6 foizi sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 28 nafar xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha kunlik narxi bir tonnasi uchun 6273,6 ming so‘mdan 6283,4 ming so‘mgacha, ya’ni 0,2 foizga ko‘tarildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda Ai-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha haftalik kotirovkasi 6301,6 ming so‘mni, Ai-91 7440,5 ming so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, turli manbalarda keltirilishicha, avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293—1370 litrni tashkil qiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 1-maydan boshlab Ai-80 markali avtomobil benzini va dizel yoqilg‘isi (shu jumladan, EKO markali dizel yoqilg‘isi) chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi. Shundan so‘ng 1-maydan dizel yoqilg‘isi narxi 500 so‘mga pasayib, 6500 so‘m qilib belgilangan. 3-maydan boshlab esa Ai-80 benzinining narxi 500 so‘mga pasayib, bir litri 4000 so‘mdan sotila boshlagan. 2020-yilning dekabrida mazkur markadagi benzinning o‘rtacha boshlang‘ich narxi 2,6 foizga ko‘tarilgandi. 2021-yilning yanvar oyi oxirlarida Ai-80 benzini narxi 110 so‘mga qimmatlashishi mumkinligi xabar qilingan.