Daryo

Tish pastasi tarkibidagi tishlarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan moddalar

Shifokorlar fikricha, tish pastalaridagi ba’zi ingrediyentlar tishlarga zarar yetkazishi va stomatolog bilan uchrashuvni tezlashtirishi mumkin

2 daqiqa o‘qish78 438 ko‘rishlar0 izoh0

Tishlarni sog‘lom va baquvvat saqlash uchun ularni kuniga ikki marta tozalash, tish ipidan foydalanish va yiliga ikki marta stomatolog ko‘rigidan o‘tish juda muhimdir. Bu borada tishlarni qanday pasta bilan yuvishning ham ahamiyati bormi? Shifokorlar fikricha, tish pastalaridagi ba’zi ingrediyentlar tishlarga zarar yetkazishi va stomatolog bilan uchrashuvni tezlashtirishi mumkin. Tish pastasi tarkibiga ko‘ra qandaylaridan foydalanish va qaysilaridan voz kechish haqida gaplashamiz.

Yodingizda bo‘lsinki, maqola faqat ma’lumot uchun mo‘ljallangan, undagi fikrlardan tashxis qo‘yish yoki davolashda foydalanish mumkin emas!

Foto: Getty Images

Ftor

Tish pastasining eng keng tarqalgan tarkibiy qismidir. Ma’lumki, kariyesning oldini olish va tish emalini mustahkamlashdagi asosiy birikma ftoridlar hisoblanadi. Deyarli barcha zamonaviy tish pastalarida ftor yoki ftorli natriy qo‘llaniladi.

Ushbu tarkibiy qism qanchalik xavfsiz?

Bu sog‘lom tishlarga ega bo‘lganlar uchun foydali, albatta. Ammo tishlarda kariyes allaqachon boshlangan bo‘lsa, tish pastasi tarkibidagi ftor kasallikning tezroq rivojlanishiga yordam beradi. Agar tishlaringizda shunday muammolar bo‘lsa, ftorsiz tish pastasidan foydalanganingiz ma’qul.

Kaliy nitrat

Tarkibida kaliy nitrat bo‘lgan tish pastalari yuqori ta’sirchan tishlarga ega odamlar uchun tavsiya etiladi: kaliy nitrat emal sezgirligini kamaytiradi. Bunday natijaga erishish uchun tish pastasidan bir necha hafta, hatto oylab foydalanish lozim.

Ushbu tarkibiy qism qanchalik xavfsiz?

2012-yildagi kichik tadqiqotlar kaliy nitratining emal sezgirligini kamaytirish samaradorligini tasdiqlagan. Ammo sizda bu kabi muammo bo‘lmasa, bunday pastani ishlatmang: kaliysiz tish pastalarining aksariyati tishlarni kariyesdan kaliyli pastaga nisbatan yaxshiroq himoya qiladi.

Foto: Getty Images

Kalsiy karbonat

Kalsiy karbonat oqartiruvchi tish pastalarining asosiy tarkibiy qismlaridan biridir. Yaponiyalik mutaxassislar tomonidan 2019-yilda o‘tkazilgan kichik tadqiqot shuni tasdiqladiki, tarkibida kalsiy karbonat bo‘lgan pastalar tish emalidagi dog‘larni kamaytiradi.

Ushbu tarkibiy qism qanchalik xavfsiz?

Kalsiy karbonat charxlash xususiyatiga ega, shuning uchun u tish emali mustahkam bo‘lganlargagina tavsiya qilinadi. Tishingiz sezuvchan bo‘lmasa ham, bunday pastalardan ehtiyotkorlik bilan foydalangan ma’qul. Bunday holatlarda qattiq tukli tish cho‘tkalarini ishlatmang.

Laurilsulfat natriy

Ushbu ingrediyent, asosan, ko‘pik hosil qilib, tish pastasidan ko‘proq foydalanish imkonini beradi. Ammo bu qanchalik xavfsiz?

Afsuski, tarkibida laurilsulfat natriy bo‘lgan tish pastalarini ishlatish natijasida og‘iz yarasi, qizarish, shishish va yumshoq to‘qimalar shikastlanishi kabi nojo‘ya ta’sirlar kuzatilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Faollashgan uglerod

Tish pastalarini oqartirishda ishlatiladigan yana bir asosiy tarkibiy qism. Afsuski, 2017-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, tarkibida ko‘mir bo‘lgan tish pastlarining xavfsizligi va samaradorligini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli klinik ma’lumotlar aniqlanmagan. Shunday ekan, qordek oppoq tabassum uchun xavfsizroq vositani tanlagan ma’qul. Mavzuga doir: 

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida tug‘ilganman. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi davlat Adabiyot muzeyida tayanch doktorantura (PhD)da o‘qiyman. “Daryo”da 2018-yildan beri musahhih va muxbir lavozimida ishlayman. Sevib o‘qiydigan kitoblarim juda ham ko‘p: Nodar Dumbadze “Abadiyat qonuni”, Harper Li “Mazaxchining o‘ldirilishi”, Gabriel Garsia Markes “Yolg‘izlikning yuz yili”, Chingiz Aytmatov “Kassandra tamg‘asi”, Mixail Bulgakov “Usta va Margarita”, O‘tkir Hoshimov “Ikki eshik orasi”, Ulug‘bek Hamdam “Sabo va Samandar”... Sevimli filmlarim ham turli janrda: DiKaprio ishtirokidagi “Ibtido” va “La’natlanganlar oroli”, “Shoushenkdan qochish”, “Yo‘-yo‘l pijamali bolakay”, “Ameli”, “Qotillikni xotirlab”. Bundan tashqari, Hayao Miyazakining animelari jon-u dilim.

Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar