Daryo

Jahon savdo tashkilotiga tarixda ilk bor ayol kishi rahbar bo‘ldi

Okonjo-Iveala 1954-yilda tug‘ilgan, faoliyati davomida moliya vaziri, shuningdek, Nigeriya tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan

2 daqiqa o‘qish37 621 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: EPA

So‘nggi yillarda og‘ir holatda qolib ketgan va keng miqyosdagi islohotlarga muhtoj bo‘lgan Jahon savdo tashkiloti (JST) yangi bosh direktorni tanladi. Nigeriya vakili Ngozi Okonjo-Iveala tashkilotning yangi rahbariga aylandi. U ushbu lavozimda ish boshlaydigan eng birinchi ayol rahbar bo‘ladi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Foto: EPA

JST bosh kengashi 15-fevral kuni navbatdan tashqari yig‘ilishida Okonjo-Iveala nomzodini bosh direktorlikka ma’qullagan. Ayol 2021-yil 1-martdan o‘z lavozimida ish boshlaydi va 2025-yil 31-avgustga qadar bosh direktor sifatida ishlashi mumkin.

JSTning avvalgi rahbari Robertu Azevedu 2020-yil 31-avgustida lavozimini tark etgan va shaxsiy sabablar tufayli uchinchi muddatga qolmaslikka qaror qilgandi. U JSTda 2013-yil sentabrdan rahbarlik qilgan va uning ikkinchi to‘rt yillik muddati 2017-yil sentabrda boshlangandi.

Avval JST bosh direktori lavozimiga sakkizta davlat – Buyuk Britaniya, Misr, Koreya, Meksika, Moldova, Nigeriya va Saudiya Arabistonidan nomzodlar taklif qilingan, keyinchalik beshta nomzod qolgan va yakuniy bosqichga ikki kishi “yetib kelgan”di.

2020-yil oktabr oyi oxirida Okonjo-Iveala JST qoshidagi hamraislarning ovoz berish jarayonida Koreya vakili Yu Myon Xini (AQSh Ivealaning nomzodiga veto qo‘ygandi) ortda qoldirgan. Tayinlovda o‘zaro kelishuv talab etilgani sababli mamlakatlar o‘rtasidagi maslahatlashuvlar uzoq davom etgan va AQShda yangi prezident saylanganidan keyin bu borada bir to‘xtamga kelingan.

5-fevralda Janubiy Koreya vakili JST bosh direktorligi uchun kurashdan chiqdi va o‘z nomzodini oldi, AQShning savdo vakilligi esa Ngozi Okonjo-Ivealani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Okonjo-Iveala 1954-yilda tug‘ilgan, faoliyati davomida moliya vaziri, shuningdek, Nigeriya tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan. 25 yillik faoliyatida Jahon bankida turli rahbarlik lavozimlarida, xususan, boshqaruv direktori sifatida ish olib borgan (bankda lavozim darajasi bo‘yicha ikkinchi rahbar). Shuningdek, u ikki marta Jahon banki prezidentligi uchun o‘z nomzodini qo‘ygan.

Mavzuga doir: 2021-yilda jahon iqtisodiyotini nimalar kutmoqda?

JSTdagi inqiroz “Yangi bosh direktor keng ko‘lamli islohotlarga muhtoj tashkilotni qabul qilib olmoqda. Qabul qilinganiga 70 yildan oshgan xalqaro savdoning ayrim qoidalari raqobatbardosh taraqqiyotni ta’minlay olmayapti. Shu sababli ham bozorlarda barqarorlik yetishmaydi, ortiqcha ishlab chiqarish holatlari, proteksionizm kuzatilmoqda”, – degan rossiyalik iqtisodchi olim Maksim Medvedkov. “Bahslarni hal etish tizimi har doim ham samara bera olmayapti, bu yo‘nalish ham ta’mirga muhtoj holatda. Bundan tashqari AQShning appelyatsion organ ishini bloklashi tashkilotning faqat bir bo‘g‘inda ishlashiga xizmat qilmoqda”, – deydi JST bo‘yicha ekspert.

Mavzuga doir: 1-yanvar – Jahon savdo tashkiloti tuzilgan kun. Bu tashkilot O‘zbekistonga nima berishi mumkin?

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar