Daryo

Vitaminlar koni bo‘lgan na’matakdan 3 ta eng yaxshi retsept

C va B vitaminlariga boy na’matak yallig‘lanish, qon bosimi, yurak-qon tomiri, umuman olganda, tanaga ijobiy ta’sir o‘tkazadi

2 daqiqa o‘qish78 755 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Marie Claire

Na’matak − immunitet tizimining asosiy yordamchisi, vitamin va mikroelementlar manbayi, tetiklik hamda energiyani faollashtiruvchi xususiyatlarga ega. O‘tgan yillar mobaynida ushbu o‘simlik chindan ham mo‘jizaviy deb hisoblangan. C va B vitaminlariga boy na’matak yallig‘lanish, qon bosimi, yurak-qon tomiri va umuman, tanaga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

Foto: Marie Claire

Bundan tashqari, o‘simlik dorivor xususiyatlari bilan birga, o‘ziga xos ta’mi tufayli turli xil shirinlik va ichimliklarni tayyorlashda qo‘l keladi. Quyida ushbu foydali mahsulotdan tayyorlash mumkin bo‘lgan 3 ta retsept bilan tanishing.

Na’matakli sirop

Foto: Marie Claire
Kerakli mahsulotlar:
  • Na’matak mevasi – 300 gramm;
  • Shakar – 250 gramm;
  • Suv – 500 ml.
Tayyorlanish jarayoni:

Na’matak yaxshilab yuviladi, popuklaridan tozalanadi. Taxminanб 300 ml issiq suvga solib, 10 daqiqaga dimlanadi. Sirop uchun qolgan suvga shakar solib qaynatiladi. Aralashma quyuqlashishi kerak. Dimlangan na’matak maydalanib, elakdan o‘tkaziladi va sirop bilan aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan aralashma shisha idishlarga solinadi va salqin joyda saqlanadi. Siropni choyga qo‘shib ichish yoki sous sifatida ham foydalanish tavsiya etiladi. Shuningdek, o‘zini iste’mol qilish ham mumkin.

Na’matak va quritilgan mevalardan kompot

Foto: Marie Claire
Kerakli mahsulotlar:
  • Na’matak mevasi – 200 gramm;
  • Quritilgan mevalar aralashmasi – 200 gramm;
  • Suyuq asal – 50 ml;
  • Suv – 2 litr.
Tayyorlanish jarayoni:

Na’matak va quritilgan o‘rik, mayiz, olxo‘rilarni yuvib, suvda qaynatib olinadi. So‘ngra past haroratda 20 daqiqaga qoldiriladi. So‘ngra suzgichdan o‘tkazilib, asal bilan aralashtiriladi va bir soat mobaynida qaynatiladi. Kompotni issiq holida ichish tavsiya etiladi yoki sovitilgandan keyin limon sharbati qo‘shish ham mumkin.

Na’matakli kisel

Foto: Marie Claire
Kerakli mahsulotlar:
  • Na’matak – 200 gramm;
  • Shakar – 4 osh qoshiq;
  • Suv – 1 litr;
  • Kraxmal – 2 osh qoshiq.
Tayyorlanish jarayoni: Na’matak yuvilib, 1 litr suvda 20 daqiqa qaynatiladi. Va 6 soatdan kam bo‘lmagan muddatga dimlanadi. Tayyor bulyon suzib olinadi, suyuqlikning bir qismi alohida idishga quyiladi va kraxmal qo‘shilib, aralashtiriladi. Na’matakning qolgan qismi yana qaynatib olinadi. Shakar qo‘shilib, asta-sekin kraxmalli aralashma solinadi va aralashtiriladi. Sovigandan so‘ng yalpiz bilan birgalikda iste’mol qilish mumkin. Mavzuga doir:
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar