Twitter ijtimoiy tarmog‘i ma’muriyati amaldagi prezident Donald Trampning fikridan qat’i nazar, AQSh prezidentining @POTUS rasmiy akkauntini inauguratsiya kuni Jo Baydenga o‘tkazmoqchi, deb xabar bermoqda The New York Post.

Foto: “Huffpost.com”

“Twitter 2021-yil 20-yanvarda Oq uyning institutsional akkauntlarini o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga faol tayyorlanmoqda”, – dedi ijtimoiy tarmoq vakili.

@VP (vitse-prezident), @FLOTUS (AQShning birinchi xonimi), @whitehouse (Oq uy) kabi boshqa hukumat akkauntlari ham Bayden ma’muriyatiga o‘tkaziladi.

Tramp ma’muriyatining mavjud xabarlari AQSh Milliy arxivlar va yozuvlar ma’muriyati tomonidan arxivlanadi.

Eslatib o‘tamiz, AQShda prezidentlik saylovi 2020-yilning 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tdi, ovozlar bir necha kun davomida hisoblab chiqildi, 7-noyabr kuni AQShning yirik OAVlari saylovda Bayden g‘alaba qozonganini ma’lum qildi. Donald Tramp esa mag‘lubiyatni tan olmadi va saylov bo‘yicha sudga murojaat qilishini bildirdi. U saylovlar qonunbuzarliklar bilan o‘tgan degan fikrda, shuningdek, saylovlarda mamlakat konstitutsiyasi buzilganini aytgan.

Pensilvaniya sudi Trampning Filadelfiyadagi saylovlarida qonun buzilishlari qayd etilgani bo‘yicha da’vosini rad etdi. Keyinroq Bayden hokimiyatni topshirishdan bosh tortayotgan Tramp ma’muriyatini sudga berishi mumkinligini bildirdi.