iPhone 12 lineykasidagi barcha modelga shaffof keramika zarralariga ega yangi oyna o‘rnatilgan — Apple buni Ceramic Shield deb atadi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, bu kabi oyna zarblarga to‘rt karra bardoshli va tirnalishlarga chidamli, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Foto: Hi-Tech.Mail.ru

Mazkur oynalarni Corning kompaniyasi ishlab chiqargan. Aftidan kompaniya bu kabi natijaga erishish uchun ikkita muhim ishni amalga oshirgan — muhandislar keramikadan shaffof nanokristallarni qo‘lga kiritgan va uni shisha bilan aralashtirgan. Bu esa oldingidek shaffof, biroq sezilarli darajada mustahkam materialni paydo qilgan.

Oldinlari bu kabi texnologiya Endi Rubinning Essential Phone’sida, shuningdek, Xiaomi Mi MIX va Samsung Galaxy S10 Plus’da qo‘llanilgan — ammo ekranni himoya qilish vositasi sifatida emas, balki orqa qopqoq o‘rnida. iPhone 12’da esa keramik oyna displeyni himoya qiladi. Corning’ning ta’kidlashicha, mazkur material ekran yorqinligi va tasvir sifatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.

Avvalroq Ice Universe niki ostidagi taniqli insayder AnTuTu benchmarkida iPhone 12 Pro Max ustida o‘tkazilgan dastlabki test natijalariga e’tibor qaratgandi. Qayd etilishicha, yangi smartfon o‘zidan oldingi iPhone 11 Pro Max’dan ancha kuchli bo‘lib chiqqan.