Dunyoda koronavirusga chalinganlar soni o‘tgan hafta ichida 2,2 milliondan ortiq odamga ko‘paydi, bu pandemiya boshidan buyon yetti kun ichida kuzatilgan eng yuqori o‘sish ko‘rsatkichidir, deb yozadi “TASS”. O‘lim bilan tugagan holatlar 39 mingtaga oshgan, bu bundan oldingi haftadagi ko‘rsatkichga taxminan teng. Bu haqda JSST dushanbadan seshanbaga o‘tar kechasi Jenevada ma’lum qilgan.

Foto: AP Photo

Haftalik axborot byulletenida ta’kidlanishicha, rasman tasdiqlangan koronavirusga chalinish holatlari 11-oktabr holatiga ko‘ra 37 109 851 taga, o‘limga olib kelish holatlari 1 070 355 taga yetgan.

Eng og‘ir epidemik vaziyat Shimoliy va Janubiy Amerikada kuzatilmoqda. Bu hududda 5—11-oktabr oralig‘ida 804 mingdan ortiq kishi kasallangan, jami kasallikni yuqtirganlar soni 17,79 milliondan oshgan. Yetti kun ichida 20 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan, 11-oktabr holatiga jami o‘lim holatlari soni 588 mingdan oshgan.

Janubi-sharqiy Osiyoda bir haftada 575 mingdan ziyod kishi koronavirusni yuqtirgan, ularning umumiy soni 7,9 milliondan oshgan. Vafot etganlar soni 126 mingdan oshdi, bu oldingi haftadagidan 7,75 mingtaga ko‘pdir.

Yevropada bundan avvalgi haftaga nisbatan eng katta o‘sish qayd etilgan (34%). Kasallanganlar soni 694 mingdan ko‘proqqa oshgan va qariyb 6,92 millionga yetgan. Bir haftada 6,1 mingdan ziyod odam o‘lgan, ularning jami soni 246 mingdan oshgan.