Dunyo bo‘yicha koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlar soni bir million kishidan oshdi. Bu haqda kasallanish statistikasini real vaqt rejimida kuzatib borayotgan Jons Hopkins universiteti ma’lumotlari guvohlik bermoqda.

Eng ko‘p o‘lim holatlari AQSh (205 ming kishi), Braziliya (142 ming kishi) va Hindistonda (96 ming kishi) qayd etilgan. Dunyo bo‘yicha kasallikka chalinganlar soni 33 million kishini tashkil etmoqda, hozirgacha ularning 23 million nafari sog‘ayib ulgurgan.

Kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha AQSh hamon yetaakchi bo‘lib turibdi — u yerda COVID-19 ni yuqtirib olish bilan bog‘liq 7,1 millionta holat qayd etilgan. Ikkinchi o‘rinda Hindiston (6,1 million bemor), uchinchi o‘rinda esa Braziliya (4,7 million bemor).

Rossiya koronavirusga chalinish bo‘yicha jahon statistikasida to‘rtinchi o‘rinda turibdi. Virusga qarshi kurash bo‘yicha milliy shtab ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 1,1 milliondan ortiq bemor aniqlangan, 945 ming kishi sog‘aygan, yana 20 ming kishi esa kasallik asoratlaridan vafot etgan.

O‘zbekistonda 29-sentabr soat 10:00 holatiga ko‘ra epidemiya boshidan beri rasman 56 068 holatda koronavirus infeksiyasi aniqlangan, hozirgacha bemorlarning 52 466 nafari (94 foizi) sog‘aygan. Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasi bo‘yicha mamlakatda shu vaqtgacha 463 kishi kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan (“Daryo” nashri 22-sentabrgacha yuritgan alohida statistika bo‘yicha, qurbonlar soni kamida 19 nafarga ko‘p).