Buyuk Britaniyaning Tesco savdo tarmog‘i mamlakatda karantin choralarining kuchaytirilishi munosabati bilan bir qator mahsulotlarning bir kishiga sotiladigan miqdoriga nisbatan cheklovlarni qayta joriy qildi. Cheklovlar do‘konlardagi ajiotaj va zaxiralar tugab qolishining oldini olish maqsadida o‘rnatildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “Interfaks”

Endi xaridorlar un, makaron mahsulotlari, hojatxona qog‘ozi, bolalar va antibakterial nam salfetkalarni uch qadoqdan ortiq sotib ololmaydi. Kompaniya tomonidan ma’lum qilinishicha, shu tariqa har bir xaridor zarur narsalarni xarid qilishini ta’minlash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, WM Morrison savdo tarmog‘i ham bir qator mahsulotlar, jumladan, hojatxona qog‘ozi va antiseptik vositalarga nisbatan “bir kishiga uch qadoq” cheklovini joriy qilgan.

Buyuk Britaniya hukumati koronavirus bilan kasallanish holatlari sonining oshishi munosabati bilan bir qator cheklovlar joriy qildi: bar va restoranlarning ish vaqti cheklandi, ofis ishchilari masofadan ishlashga o‘tdi. Mamlakatning alohida hududlarida cheklangan karantin joriy qilinmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning mart oyida karantin joriy qilinganidan keyin to‘rt hafta ichida mamlakat aholisi uy uchun zarur mahsulotlarga 10 milliard funt-sterlingdan ortiq mablag‘ sarflagan. Bu odatda Rojdestvo bayramidan oldin qilinadigan xarajatdan ko‘proq hisoblanadi.

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda yangi karantin choralari joriy qilinishi ehtimoli sababli ba’zi do‘konlarning peshtaxtalari bo‘shab qolgan. Tesco, Asda, Sainsbury's, Lidl va Aldi kabi yirik savdo tarmoqlari ularda mahsulotlar zaxirasi yetarli ekanligini va taqchillik kuzatilmasligini ma’lum qilgan.

Buyuk Britaniya savdo tarmoqlari konsorsiumi xaridorlarni odatiy rejimda xaridlarni amalga oshirishga chaqirgan.