Nafaqat kiyinish, balki makiyaj va soch turmaklari bilan bog‘liq urflar ham tez-tez yangilanib turadi. Bir vaqtlar urfda bo‘lgan keyin unutilgan trendlar, yana dolzarb bo‘lishi hech gap emas. Vizajistlar 2020-yilning kuz-qish mavsumida 90-yillarga xos bo‘yanish qayta urfga kirishini ta’kidlamoqda.

Kipriklarga urg‘u berish

Foto: Harper’s Bazaar

90- yillarda ayol va qizlar makiyajlari uchun xos bo‘lgan kipriklarga urg‘u berish yana urfda. Alohida-alohida va uzun bo‘lib turadigan kipriklarga erishish uchun kiprik qayiradigan vositadan foydalanib so‘ngra tushni bir yoki ikki qatlam qilib surtish mumkin. Oqshom tadbirlari va ziyofatlari uchun esa ulama kiprik yopishtirish, ammo sun’iyligi bilinib qolmaydiganini tanlash kerak bo‘ladi.

Och va yorqin bo‘lmagan ten

Foto: Harper’s Bazaar

So‘nggi 5-10 yilda ko‘zlarni yorqin rangda bo‘yash urfda bo‘lgan, 30 yil avval esa hammasi boshqacha: vizajistlar, asosan, och bo‘yoqlarga e’tiborini qaratgan. Och  siyohrang yoki moviy va teri rangidagi tenlarni surtganda tushdan foydalanmasa ham bo‘ladi, chunki bu rangdagi bo‘yoqlar ko‘zni shundoq ham katta ko‘rsatadi.

Labga to‘q rangli kontur chizish

Foto: Harper’s Bazaar

Sindi Krouford va Viktoriya Bekhemlarning 90-yillardagi makiyajiga nazar tashlansa, aynan mazkur bo‘yanish uslubidan foydalanganini ko‘rish mumkin. Labingiz odatdagidan kattaroq ko‘rinishi uchun uning atrofiga jigarrang lab uchun mo‘ljallangan qalam surtib, ichini och jigarrang lab bo‘yog‘i bilan bo‘yang.

Och ko‘k rangli ten

Foto: Harper’s Bazaar

2010-yillardan ko‘k ten antitrend hisoblanib, uni makiyajda qo‘llamaslik kuzatilgandi. Lekin moda tez o‘zgaradi va oradan 30 yil o‘tib, ko‘zni shunday bo‘yash yana urfga kirdi. Och ko‘k, moviy rangdagi tendan kundalik, oqshom tadbirlari uchun esa klassik ko‘k rangdan foydalanish tavsiya qilinadi.

Glitter

Foto: Harper’s Bazaar

Ko‘z qovoqlariga “blesk” surish 90-yillarda Gollivud yulduzlari va supermodellar tomonidan keng qo‘llanilgan. 2020-yilning kuzida esa mazkur bo‘yanish uslubi yana urfga kirdi. Glitterdan, ayniqsa, maxsus uchrashuv va oqshom ziyofati uchun obrazga moslagan holda foydalaning va atrofdagilardan yorqinlik bilan ajralib turing.