Leypsigdagi Galle-Vittenberg universiteti olimlari koronavirus tarqalishini o‘rganish uchun pop-qo‘shiqchi Tim Benjkoning konsertini uyushtirdi, deb xabar beradi DW.

Foto: Getty Images

22-avgust kuni Leypsigda kun davomida uchta musiqiy konsert bo‘lib o‘tgan. Unda turli sharoitlar modellashtirilgan, masalan, konsertlarning birida tomoshabinlar ijtimoiy masofalanishga rioya qilgan, boshqasida esa yo‘q.

1,4 mingdan ortiq tomoshabin o‘zlarining harakatini kuzatishga yordam beradigan maxsus datchiklarni taqib olgan. Shuningdek, fluoressent dezinfeksiyalovchi vositalari ham taqdim etilgan bo‘lib, olimlar uning yordamida tomoshabinlar qaysi yuzalarga ko‘proq teginganini kuzatishi mumkin. Bundan tashqari, mutaxassislar virus tarqalishi mumkin bo‘lgan havo zarralarini ham kuzatgan.

Tadqiqot rahbari Stefan Morinsning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘pchilik o‘ylaganidek oddiy konsert bo‘lmagan. “Bu konsert ko‘rinishidagi tadqiqot”, — deydi Morins.

Ishtirokchilar oldindan koronavirusga test topshirgan, zaldagi barcha tomoshabin FFP2 niqobini taqqan. Olimlar tadqiqot davomida koronavirusning yopiq binolarda o‘tkazilgan ommaviy tadbirlardan so‘ng tarqalishini kuzatish imkonini beradigan matematik modelni yaratish niyatida. Tadqiqot natijalari kuzda taqdim etiladi.

Avvalroq olimlar koronavirus muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.