Vazn tashlash uchun faqatgina sport bilan shug‘ullanishning o‘zi yetarli emas. Kundalik, xususan, tonggi odatlar kishi salomatligi va tashqi ko‘rinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Qaysi odatlar ozishga yordam beradi? Quyida ushbu savolga javob beramiz.

Foto: Getty Images

Tongni 1 stakan suv bilan qarshi oling

Kuniga qancha suv ichish kerak, degan savolga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti inson vaznining bir kilosiga 30 ml suv ichishi kerak, deb javob beradi. Tushunarliroq qilib aytganda, 70 kg odam bir kunda 2 litr 100 ml suv ichishi kerak.

Nonushta qilishni unutmang

Nonushta kunlik energiya manbayi hisoblanadi. Nonushtani o‘tkazib yuborgan odam energiya yetishmagani hisobiga kun davomida ko‘proq yegulik yeyishi, buning oqibatida esa vazn to‘plashi aniqlangan. Eng ko‘p ochlik hissi kechqurun seziladi va bu vaqtda odatdan ko‘proq iste’mol qilingan taom yaxshi hazm bo‘lmaydi, uyquga yotganda kaloriyalar yog‘ga aylanib, qorin, bel qismlariga yig‘iladi. Shu bois vaqtida foydali vitaminlarga boy nonushta qilishni unutmang.

Nonushtangizdan oqsilga boy mahsulotlar o‘rin olsin

Parhezshunoslarning ta’kidlashicha, ozmoqchi bo‘lganlar nonushtaga oqsilga boy taom iste’mol qilishi kerak. Oqsil, ochlik hissini uyg‘otadigan grelin garmonini kamaytirish xususiyatiga ega. Nonushtaga tarkibida oqsil mo‘l bo‘lgan qaynatilgan tuxum, omlet, mevali yogurt, tvorog yoki avokadoli sendvich iste’mol qiling.

To‘yib uxlang

Uyqusizlik organizmda ochlik hissini qo‘zg‘atuvchi gormonlarni ishlab chiqarishga ta’sir qiladi. To‘yib uxlamagan odamda ko‘p kaloriyaga ehtiyoj bo‘ladi. Bundan tashqari, uyqusizlik stressni yuzaga keltiruvchi zo‘riqish garmonini ham qo‘zg‘aydi. Kortizolning ortiqcha darajasi ishtahani kuchaytiradi bu vazn to‘plashga moyillikni keltirib chiqaradi.

Vazningizni nazorat qiling

O‘tkazilgan tadqiqotlarda aniqlanishicha, har kuni vaznini o‘lchaydiganlar olti oyda olti kilodan ko‘p vazn tashlagan. Iste’mol qilgan taom yoki mahsulotingiz tarkibidagi kaloriya qancha va siz undan qanchasini sarflaganingizga e’tiborli bo‘ling.