AQShning Florida shtatida Toshkent vaqti bilan 10-may kuni UFC 249 musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Kechaning asosiy jangi Toni Fergyuson (25-4) va Jastin Getji (22-2) o‘rtasida yengil vazn toifasi vaqtinchalik chempionlik kamari uchun kechdi. Dastlabki ikki raundda kichik ustunlik Jastin tomonida bo‘ldi, biroq Fergyuson ikkinchi raundning so‘nggi soniyalarida raqibini muvozanatdan chiqarishga erishdi. Uchinchi va to‘rtinchi raundlar to‘liq Getji nazoratida o‘tdi. So‘nggi raundda Jastin texnik nokaut evaziga Tonini taslim etdi. Shu tariqa Getji yengil vazn toifasi vaqtinchalik kamari sohibiga aylandi.

Yana bir markaziy jangda mutlaq yengil vazn chempioni Genri Sehudo (16-2) sobiq chempion Dominik Kruzga (22-3) qarshi jang qildi. Ikkinchi raund so‘nggida Kruz tizza zarbasini o‘tkazib yubordi va muvozanatni yo‘qotdi, shundan so‘ng Sehudo zarbalar seriyasi bilan raqibini nokautga uchratdi.

Shu tariqa Genri chempionlik kamarini himoya qila oldi.

Qolgan jang natijalari bilan tanishing:

Frensis Ngannu (15-3) 1-raunda Jairzino Rozenstraykni (10-1) nokautga uchratdi.

Kelvin Kattar (21-4) 2-raundda Jeremi Stivensni (28-18) nokautga uchratdi.

Greg Hardi (6-2) Yorgan De Kastroni (6-1) ochkolar hisobida mag‘lub etdi: 30-27, 30-27, 30-27.

Entoni Pettis (23-10) Donald Serroneni (36-15) ochkolar hisobida mag‘lub etdi: 29-28, 29-28, 29-28.

Aleksey Oleynik (59-13-1) ochkolar hisobida Fabrisio Verdumdan (23-9) ustun keldi: 28-29, 29-28, 29-28.

Karla Esparza (16-6) ochkolar hisobida Mishel Uotersonni (17-8) mag‘lubiyatga uchratdi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!