Amerikalik marhum xonanda va aktrisa Uitni Xyuston hayoti haqida film suratga olinadi, deb xabar berdi Reuters.
Kartina xonandaning eng xit qo‘shiqlaridan birining nomi bilan “I wanna dance with somebody” (Kim bilandir raqsga tushmoqchiman) deb ataladi.
Uitni Xyustonning prodyuseri va ustozi Klayv Devis film suratga olish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan.
Film ijodkorlarining aytishicha, yaratilayotgan asarda Uitni Xyuston hayotidagi va faoliyatidagi yutuqlar, yo‘qotishlar haqida hikoya qilinadi. Qo‘shimcha qilinishicha, filmda superyulduz muvaffaqiyatga erishishi uchun to‘lashi kerak bo‘lgan qiymat haqida ochiq oshkora ma’lumot beriladi.
Film ssenariysi “Bohemian Rhapsody” muallifi Entoni MakKarten tomonidan yoziladi. U bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Hozircha aktyorlar tarkibi ham, premyera sanasi ham aniqlanmagan.
Olti marta Gremmi mukofotini qo‘lga kiritgan Uitni Xyuston 2012-yilgi Gremmi taqdimotidan bir kun avval 48 yoshida taqiqlangan modda qabul qilganidan so‘ng Beverli-Xillzdagi mehmonxonasining vannaxonasidan o‘lik holda topilgan. U uzoq yillar mobaynida narkoqaramlik bilan kurashgan.
Izoh (0)