Daryo

UzAuto Motors Qozog‘istonda Chevrolet ishlab chiqarishni boshladi

Konveyerni O‘zbekistondan teleko‘prik orqali ishtirok etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin tantanali ravishda ishga tushirdi

2 daqiqa o‘qish94 507 ko‘rishlar0 izoh0

28-mart kuni Qozog‘istonning Ko‘stanay shahrida Chevrolet brendi ostida UzAuto Motors avtomobillarini yig‘ish boshlandi. Konveyerni O‘zbekistondan teleko‘prik orqali ishtirok etgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin tantanali ravishda ishga tushirdi, deb xabar beradi UzAuto Motors.

Foto: UzAuto Motors

General Motors kompaniyasi UzAuto Motors bilan birgalikda Cobalt (avvalgi Ravon R4) oilaviy sedani, tijoriy foydalanish uchun Damas va Labo hamda premium sinfiga mansub Malibu avtomobillarining yangi modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Foto: UzAuto Motors

Yangi modellarni ishlab chiqarish avvalroq Ravon (Nexia R3) avtomobili ishlab chiqarilgan “SariarkaAvtoProm” MChSh quvvatlarida yo‘lga qo‘yildi. Barcha mahsulotlar General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan jahon standartlari asosida ishlab chiqariladi. Qozog‘istonda eng mashhur sanalgan Ravon Nexia R3 avtomobili ham endilikda Chevrolet brendi ostida ishlab chiqariladi. Ushbu yo‘nalishdagi keyingi qadam Chevrolet modellari qatorini yangi istiqbolli Tracker, Trailblazer va boshqa avtomobillar bilan to‘ldirishdir.

Foto: UzAuto Motors
Foto: UzAuto Motors
Dastlabki bosqichda ishlab chiqarish hajmi yiliga 26 000 transport vositasini tashkil qiladi, kelgusida uni 100 000 donaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek ishlab chiqarishning dastlabki yili davomida 13 000 ta avtomobillarni yaqin xorij davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Mavzuga doir: Qozog‘istonda O‘zbekistonning MAN yuk mashinalari va avtobuslarini yig‘ish boshlandi

Eslatib o‘tamiz, loyiha 2020-yilning 26-fevral kuni Urganch shahrida chegaralararo hamkorlik forumi doirasida Allur Group kompaniyalar guruhi hamda “O‘zavtosanoat” AJ o‘rtasida tashkil etilgan QK doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq 2017-yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida “SariarkaAvtoProm” MChSh ishlab chiqarish quvvatlarida avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu davr mobaynida ichki va eksport bozorlariga mo‘ljallangan qiymati 85 million dollarlik bo‘lgan 11 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.
Telegram kanal@daryo_lotinObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar