AQSh prezidenti Donald Tramp koronavirusga chalinmagan — o‘tkazilgan tekshiruv shunday natija ko‘rsatdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Stefani Grishem ma’lum qildi.

Foto: Global Look Press

“Mar-a-Lagoda Braziliya delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan kechki ovqatdan bir hafta o‘tib ham prezident Trampda hech qanday kasallik belgilari namoyon bo‘lmadi”, — deb qo‘shimcha qildi u.

Bu axborot Trampning shaxsiy shifokori Shon Konli tomonidan ham tasdiqlandi. “Bugun oqshomda tekshiruv prezidentda koronavirus yo‘qligini tasdiqlagani haqida xabar topdim”, — dedi u.

Trampning salomatligi borasidagi xavotirlar u konservatorlar qurultoyida kasallanganlar bilan ko‘rishgan kongressmenlarni qabul qilganidan so‘ng, shuningdek, Braziliya delegatsiyasi bilan uchrashuvlaridan so‘ng paydo bo‘lgan edi.

Uchrashuvlar davomida Tramp Braziliya prezidenti matbuot kotibi Fabio Vayngarten bilan birga suratga tushgandi — uchrashuvdan ko‘p o‘tmay Vayngartenda koronavirus infeksiyasi topildi.

Shundan so‘ng AQSh prezidenti 14-mart, shanba kuni, koronavirusga test topshirib, prezident ma’muriyatining u bilan muloqotda bo‘lgan barcha xodimlari ham tekshiruvdan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, AQSh prezidenti ishtirokidagi matbuot anjumanlariga tashrif buyurayotgan jurnalistlarning tana haroratini o‘lchash amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi.