Polshaning Tatri tog‘larida yashin urishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi va yana yuzga yaqin odam jarohat oldi, deb xabar beradi Tengrinews.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida ikki nafar bolakay ham bor.
“Yuzga yaqin jabrlanuvchi. Tez-tez yangi ma’lumot kelib turibdi. Ko‘pchilik og‘ir psixologik ahvolda”, — deydi Polsha bosh vaziri Mateush Moraveskiy.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, so‘nggi bor bu kabi fojia 83 yil oldin Gevont tog‘ida sodir bo‘lgan: 1936-yili ham to‘rt kishi halok bo‘lgan edi.
Fojia sodir bo‘lgan joylardan biri Gevont tog‘i bo‘lib, kuchli yashin turistlar guruhiga urilgan. Bir necha kishi jarohat olgan. Tezkor ko‘rsatilgan yordamga qaramay 12 yoshli bolakayning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Qutqaruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, yashin tog‘ tepasiga o‘rnatilgan metall xochga, shuningdek, tog‘dagi metall zanjirlar bilan o‘ralgan turistlar yo‘lagiga urilib, xavf tug‘dirishi mumkin.
Qutqaruv operatsiyasiga to‘rtta vertolyot jalb etilgan.
Izoh (0)