Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti sifatida qasamyod qildi. Bu haqda Oliy Majlisdagi manba “Daryo”ga ma’lum qildi.
14-dekabr, chorshanba kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Xabar berishlaricha, majlisni Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov ochib bergan.
MSK raisi O‘zbekistonning saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Prezident guvohnomasi va Markaziy saylov komissiyasining shahodatnomasini topshirgan.
Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Qur’oni Karimga qo‘l qo‘ygan holda qasamyod qildi. Qasamyoddan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlamoqda.
Avvalroq, 9-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi (MSK) O‘zbekiston Prezidenti saylovining yakuniy natijalarini rasmiy tarzda e’lon qilgan edi. Unga ko‘ra, O‘zLiDePdan nomzodi ko‘rsatilgan Shavkat Mirziyoyev saylovchilarning 88,61 foiz ovozini qo‘lga kiritib, saylovda g‘olib chiqdi.
O‘zbekiston Konstitutsiyasining 92-moddasiga ko‘ra, Prezident Oliy Majlis yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi: “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”(@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)