FIFA 11-yanvar kuni Syurixda tashkil etilgan “Oltin to‘p” taqdimotida 2015-yilning eng yaxshi murabbiylari nomini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, Kataloniyaning “Barselona” jamoasi bosh murabbiyi Luis Enrike yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.
2015-yil davomida “Barselona” futbol klubi 45 yoshli Luis Enrike qo‘l ostida Ispaniya chempioni va Kubogi sohibiga aylandi, shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasi, Yevropa Superkubogi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqdi.
Yilning eng yaxshi murabbiy nomiga, shuningdek, “Bavariya” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola hamda Chili terma jamoasi ustozi Xorxe Sampaoli ham da’vogarlik qilgan edi.









