Buxoroda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘rtasida “Soliq bilimlari — bolalarga!” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda quyi bosqichlarda g‘olib chiqqan 48 nafar o‘quvchi o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlov o‘quvchilarning soliq sohasiga oid bilimlarini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.
Tanlov shartlariga ko‘ra, umumta’lim maktablarining 1-4 sinf o‘quvchilari “Soliq to‘g‘risidagi tushunchalar aks ettirilgan rasmlar chizish”, 5-9 sinf o‘quvchilari “Soliq mavzusini hikoyalarda aks ettirish”, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari “O‘zbekiston Respublikasi soliq siyosati” mavzusida insho yozish hamda “Soliq nima uchun to‘lanadi va nimaga sarflanadi?” mavzusida komputer taqdimoti bo‘yicha bellashdi.
Buxoro shahridagi 34-umumta’lim maktabining 3-sinf o‘quvchisi Mirjahon Islomov, 17-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Sardor Mahmudov, 21-umumta’lim maktabi 6-sinf o‘quvchisi Sevil Hikmatova, Buxoro shahar soliq kolleji o‘quvchilari Sobir Namozov va Zarif Kamolov o‘z yo‘nalishlarida g‘olib deb topildi va tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Izoh (0)