Ukrainaning janubi-sharqiy hududlarida aholining norozilik namoyishlarini kuch bilan bostirish uchun hukumat qurollangan otryadlarni jalb etmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa bu tadbirga Ukraina davlat idoralari qatoriga kirmaydigan kuchlar ham jalb etilganligidan xavotir bildirdi, deya xabar qiladi “ITAR-TASS”.

“Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaning janubi-g‘arbiy hududlarida, jumladan, Donetskda mamlakat ichki qo‘shinlari va milliy gvardiyasi bo‘linmalari bilan birga, “O‘ng sektor” noqonuniy qurollangan tuzilmasi vakillari ham mavjud. Ularning oldiga mamlakat janubi-g‘arbidagi aholining hozirgi Kiyev hukumati siyosatiga qarshi norozilik chiqishlarini kuch bilan bostirish vazifasi qo‘yilgan”, – deyiladi Rossiya TIV bayonotida.
Moskvani, ayniqsa, bu operatsiyalarga AQShning Greystone xususiy harbiy tashkilotining 150 ga yaqin mutaxassisi jalb etilganligi tashvishga solmoqda. Bayonotda ta’kidlanishicha, amerikalik jangarilar “Sokol” bo‘linmasi xodimlari kiyimini kiyib olishgan.
“Bu ishlarning tashkilotchi va ishtirokchilari Ukraina tinch aholisining huquqlari, erkinligi va hayotiga hamda Ukrainaning davlat barqarorligiga tahdid solganliklari uchun javob berishadi. Fuqarolar urushi boshlanishiga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan har qanday harbiy tayyorgarliklarni darhol to‘xtatishga chaqiramiz”, – deya ta’kidlaydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.
7-aprel kuni Ukrainaning Donetsk viloyat kengashi deputatlari “Donetsk xalq respublikasi”ning davlat mustaqilligini e’lon qilgan edilar. Shu kuni Xarkov shahrida namoyishga chiqqan xalq ham o‘zlarini “muqobil deputatlar” deb atab, “mustaqil Xarkov xalq respublikasi” tuzilganini e’lon qilishgan. Oliy Rada tomonidan ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Arsen Avakov esa Xarkov shahrida “aksilterror operatsiya” boshlanganligi, unga mamlakatning boshqa hududlaridagi militsiya bo‘linmalari jalb etilganligini bayon etgan.








