2009-yildan e’tiboran Kubada “kubacha Twitter” – hukumatga qarshi tashviqot olib borishga mo‘ljallangan ijtimoiy tarmoq yaratilishini AQSh hukumati moliyalashtirib kelgan. Bu borada o‘zi maxsus tekshiruv ishlarini olib borgan Associated Press axborot agentligi ma’lumot bermoqda, deb yozadi “ITAR-TASS”.
Jurnalistlarning aniqlashlaricha, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining ZunZuneo internet-loyihasi uch yil davomida faoliyat yuritgan va bir necha o‘n ming a’zo yig‘gan. Uning bosh maqsadi Kubada amal qilayotgan internet taqiqini chetlab o‘tishga yordam beruvchi qisqa xabarlar uzatish tizimini yaratish bo‘lgan. Ammo bunda AQSh hukumatining ishtiroki sir saqlangan. “Kubacha Twitter”ning asosiy auditoriyasi kubalik yoshlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
ZunZuneo loyihasi moliyaviy yetishmovchiliklar sababli 2012-yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Bu dasturning qay darajada ma’qullanganligi va undan Oq uy qanchalik xabardorligi borasidagi savollarga Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari javob berishmagan. Agentlikning rasmiy vakili Mett Xerrik faqat ushbu loyihadan Kongress xabardorligini va u AQSh qonunlariga mos kelganligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)