Daryo

“IMEI samara berdi” — O‘zbekistonga telefon importidan boj tushumi ikki baravar oshgani aytildi

Mamlakatga smartfonlar uchun 10 oyda 1 trln so‘m boj undirilgan. Avvallari yillik tushum 500 mld so‘m bo‘lgani aytildi.

2 daqiqa o‘qish44 892 ko‘rishlar1 izoh15

Bojxona qo‘mitasi va UzIMEI hamkorligi tufayli O‘zbekistonga telefon importidan bojlar tushumi keskin ko‘paydi. Bu haqda qo‘mita boshqarmasi boshlig‘i Farhod Olimjonov YouTubeʼdagi PulNews loyihasiga bergan intervyusida maʼlum qildi. 

Bojxonachi so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilning 10 oyi ichida telefonlar importidan davlat byudjetiga qariyb 1 trillion so‘m boj undirilgan.

“Ikki yil oldin telefonlar importidan yiliga atigi 500 milliard so‘m boj undirgan edik. Hozir 10 oyda 1 trillion pul undirildi. Davlat byudjetiga tushum deyarli ikki baravar o‘sdi. Bunda IMEI markazi bilan hamkorlikni kuchaytirib, raqamlashtirish integratsiyasi orqali mana shu natijaga erishildi”, dedi qo‘mita vakili.

Foto: ​Farhod Olimjonov
Foto: YouTube / PulNews

Hozirda fuqarolar shaxsiy ehtiyoji uchun chet eldan O‘zbekistonga aeroport orqali ming dollargacha, poyezdlarda 500 dollargacha, avtomobilda 300 dollargacha tovarlarni bojsiz olib kira oladi. Qiymat bundan o‘tsa, oshgan qismiga boj to‘lanadi.

Xorijdan olib kelingan mobil qurilmalar uchun bojxona deklaratsiyasi to‘ldirilishi kerak. Bunda ham yuqoridagi tartib amal qiladi. Misol uchun, ming dollarlik telefonni samolyotda olib kelinsa, unga boj to‘lanmaydi. Poyezd yoki avtomobilda kelsa, belgilangan miqdordan oshgan qismi uchun pul to‘lanadi. Keyin IMEI kodlarini ro‘yxatga kiritish uchun BHMning 20 foizi miqdorida (82 400 so‘m) to‘lov qilinadi. To‘lov qurilma texnik parametrlariga (nechta SIM karta tushishi va boshqalar) qarab 103 ming so‘mgacha yetishi mumkin.

Agar telefon O‘zbekistonga noqonuniy yo‘l bilan olib kirilsa yoki deklaratsiyada ko‘rsatilmasa, IMEI ro‘yxatidan o‘tkazish uchun avval qurilma narxining 30 foizi miqdorida boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Masalan, smartfon qiymati ming dollar bo‘lsa, 300 dollar boj to‘lash shart. Keyin 82 400 so‘m to‘lab, IMEIdan ro‘yxatdan o‘tish mumkin bo‘ladi. 

Farhod Olimjonovning tushuntirishicha, xorijdan O‘zbekistonga olib kelingan smartfonni mobil ilova va infokiosk orqali registratsiya qilish imkoniyati yaratilgan. Registratsiya qilingan mobil qurilma IMEI markazi axborot tizimi bilan ulanadi. Telefon avtomatik ravishda IMEI markazining saytidan ro‘yxatdan o‘tadi.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar