Daryo

Tarixiy uchrashuv: Tramp Szinpin bilan muzokalar o‘tkazish uchun Xitoyga keldi

AQSH prezidenti so‘nggi 9 yil ichida ilk bor rasmiy tashrif bilan Pekinga keldi. Eron bilan urush sababli kechiktirilgan ushbu uchrashuv iqtisodiy ziddiyatlar va geosiyosiy notinchlik davriga to‘g‘ri keldi. Tramp o‘zi bilan birga Ilon Mask, Tim Kuk va Jensen Xuang kabi texnologiya olami gigantlari rahbarlarini olib kelgan.

4 daqiqa o‘qish7 443 ko‘rishlar0 izoh2

AQSH prezidenti Donald Tramp rasmiy tashrif bilan Xitoy poytaxtiga yetib keldi. Bu Amerika yetakchisining 2017-yildan buyon Pekinga amalga oshirgan ilk tashrifidir. O‘shanda Tramp prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasidan so‘ng ushbu mamlakatda mehmonda bo‘lgandi.

Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi muzokaralar ikki kun davom etadi. Mazkur tashrif 2026-yilning mart oyida amalga oshirilishi kerak edi, biroq AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari sababli qoldirilgan edi. Uchrashuvning diqqat markazida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar bo‘ladi. Biroq ekspertlar ushbu muzokaralardan “keskin o‘zgarishlar”ni kutmayapti.

Iqtisodiy sharhlovchi Aleksey Kalmikovning tushuntirishicha, Trampning Pekinga tashrifidan ko‘zlangan asosiy natija — ikki dunyo yetakchisining yuzma-yuz ko‘rishishi va barcha ziddiyatlarga qaramay, uchrashuvni do‘stona ruhda yakunlashi bo‘ladi.

Foto: Reuters

Pekin markaziga kelganidan so‘ng, Tramp va Si Szinpin sharafiga harbiy parad o‘tkazildi. So‘ngra davlatlar yetakchilari Xitoy parlamenti binosi — Xalq yig‘inlari saroyiga yo‘l oldi. Muzokaralar avvalida davlat rahbarlari jurnalistlar uchun qisqa bayonot berdi.

“Biz yaxshi kelishamiz. O‘rtamizda qiyinchiliklar bo‘ldi, lekin biz ularni yengib o‘tdik. Balki kimdir buni bilmas, lekin muammolar tug‘ilganida, biz ularni juda tez hal qildik. Men sizga qo‘ng‘iroq qildim, siz esa menga. Men hammaga sizning ajoyib yetakchi ekaningizni aytib yuraman”, dedi Donald Tramp.

O‘z navbatida Si Szinpin jahondagi o‘zgaruvchan vaziyatga to‘xtalib o‘tdi:

“Bizning uchrashuvimizni butun dunyo kuzatib turibdi. Hozir yer yuzida so‘nggi bir asrda kuzatilmagan shiddatli o‘zgarishlar yuz bermoqda. Xalqaro vaziyat doimiy ravishda o‘zgarib, notinch bo‘lib qolmoqda”.

Si Szinpin, shuningdek, AQSH va Xitoy “Fukidid tuzog‘i” deb atalgan to‘siqni yengib o‘tishiga umid bildirdi. Qadimgi yunon tarixchisi va sarkardasi Fukidid nomi bilan atalgan ushbu atama — an’anaviy kuchli davlatning yangi kuchayib borayotgan davlat oldidagi qo‘rquvi, bu esa o‘z navbatida raqobat va mojarolarga olib kelishini anglatadi.

“Biz global muammolarni birgalikda yenga olamizmi va dunyoga ko‘proq barqarorlik keltira olamizmi? deya savol qo‘ydi Xitoy rahbari. Ikki xalqimiz manfaati va insoniyat kelajagi yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarimiz uchun yanada yorqin kelajakni barpo eta olamizmi?”

Muzokaralar markazida nimalar bor?

Si Szinpin bilan uchrashuvdan avval Tramp Xitoy iqtisodiyotini Amerikaning yirik texnologik kompaniyalari uchun “ochib qo‘yishni” so‘rashini ma’lum qildi. U Eron masalasida “uzoq davom etadigan munozara” kutayotganini qo‘shimcha qildi, biroq mojaroga nuqta qo‘yish uchun Pekinning yordamiga muhtoj emasligini alohida ta’kidladi.

Foto: EPA

Tramp Si Szinpinning Eron muammosiga nisbatan pozitsiyasini “yomon emas” deb baholadi va ushbu tashrif “ajoyib” o‘tishi hamda safar davomida “ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar yuz berishini” qayd etdi.

Xitoy rahbarining asosiy maqsadlaridan biri esa AQSHni Tayvanga qurol yetkazib berishni to‘xtatishga ko‘ndirish bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, Pekin o‘tgan yilning oktyabr oyida o‘rnatilgan va tomonlarning o‘zaro boj tariflarini oshirmaslik bo‘yicha kelishuviga asoslangan “savdo urushidagi sulh” muddatini uzaytirishdan manfaatdor.

Pekinga qo‘nganidan so‘ng, Trampni  mamlakatning eng yuqori martabali rahbarlaridan biri — Xitoy Xalq Respublikasi raisi o‘rinbosari Xan Chjen kutib oldi. Uning bevosita aerodromga chiqishi Xitoy tomonidan ko‘rsatilgan yuksak hurmat belgisi hisoblanadi. Taqqoslash uchun, 2017-yildagi ilk tashrifida AQSH prezidentini nisbatan quyi darajadagi amaldorlar kutib olgan edi.

Trampni, shuningdek, harbiy orkestr va qo‘llarida AQSH hamda Xitoy bayroqchalarini tutgan guruh kutib oldi.

Foto: Reuters

Delegatsiya tarkibida kimlar bor?

Amerika delegatsiyasi tarkibida Trampning o‘g‘li Erik hamda AQSHning bir qator yetakchi texnologik kompaniyalari rahbarlari joy olgan. Ular orasida dunyoga mashhur Nvidia rahbari Jensen Xuang, Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask, Apple rahbari Tim Kuk hamda AQSHning eng yirik investitsiya kompaniyasi — BlackRock rahbari Larri Fink bor.

Shuningdek, prezidentga Meta, Visa, JP Morgan, Boeing va Cargill kabi gigant kompaniyalarning menejerlari ham hamrohlik qilmoqda.

Foto: Reuters

E’tiborli jihati shundaki, Jensen Xuangning nomi muzokaralar ro‘yxatiga so‘nggi pallada kiritildi. Uning kompaniyasi sun’iy intellekt tizimlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan chiplarni ishlab chiqaradi — aynan shu sohada AQSH va Xitoy eng yirik raqobatchilar hisoblanadi. Dastlab Nvidia rahbari tashrifda ishtirok etishi rejalashtirilmagan edi, biroq Tramp unga shaxsan taklifnoma yuborgan. Jurnalistlar Xuangni prezident samolyoti Alyaskada to‘xtagan vaqtda bortga chiqayotganini payqagan.

O‘tgan yili AQSH va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 414,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2022-yildagi ko‘rsatkich (690,4 mlrd dollar) bilan solishtirganda sezilarli darajada kamdir. Tramp, shuningdek, Amerika-Xitoy savdosidagi defitsitni kamaytirishga umid qilmoqda. 2025-yilda AQSH Xitoydan eksport qilganiga qaraganda qariyb 200 mlrd dollar ko‘proq qiymatdagi tovarlarni import qilgan.

Xitoy, o‘z navbatida, o‘zini sun’iy intellekt sohasidagi asosiy o‘yinchi sifatida namoyon etmoqchi, bu esa Amerikaning kompyuter chiplariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Biroq AQSHda ko‘pchilik Xitoy kompaniyalari Amerika texnologiyalarini o‘g‘irlayotganidan xavotirda, bu esa texnologiyalar eksportiga yanada qat’iy cheklovlar qo‘yilishiga sabab bo‘lmoqda.

Tashrif dasturidan yana nimalar o‘rin olgan?

Tramp Pekinga mahalliy vaqt bilan chorshanba oqshomida yetib keldi, tashrifning asosiy voqealari esa payshanba kuniga belgilangan.

Foto: Reuters

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng, ikki davlat rahbarlari yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazishdi. Payshanba oqshomida Xalq yig‘inlari saroyida AQSH delegatsiyasi sharafiga ziyofat tashkil etiladi.

Juma kuni Tramp Pekinning xuddi shu nomdagi ko‘l bo‘yida joylashgan, Xitoy rahbarlari yashaydigan va ishlaydigan Chjunnanxay mavzesiga yo‘l oladi. Kutilishicha, ushbu tashrif davomida Tramp va Si Szinpin birgalikda suratga tushadi, shuningdek, yana bir ikki tomonlama uchrashuv va ishchi tushlik o‘tkazishadi.

Shundan so‘ng aeroportda rasmiy kuzatish marosimi bo‘lib o‘tadi va Amerika prezidenti samolyoti Vashingtonga yo‘l oladi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar