Afg‘oniston Pokiston harbiylarini Kobuldagi giyohvandlar davolanayotgan shifoxonaga havo hujumi uyushtirib, kamida 400 kishini oʻldirganlikda aybladi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Pokiston bu da’voni ”yolg‘on va jamoatchilik fikrini chalg‘itishga qaratilgan” deb atadi va 16-mart kuni faqat Kobul va Nangarhor viloyatidagi harbiy inshootlar nishonga olinganini da’vo qildi.
“Kobuldagi Umar nomli giyohvandlikni davolash shifoxonasiga hujum mahalliy vaqt bilan taxminan soat 21:00 da sodir bo‘ldi”, dedi “Tolibon” hukumati matbuot kotibi o‘rinbosari Hamidulloh Fitrat.
Shifoxona 2000 kishiga mo‘ljallangan, Afgʻoniston rasmiylari hujum oqibatida binoning katta qismi vayron boʻlganini ta’kidladi.
“Afsuski, hozirgacha qurbonlar soni 400 nafarga yetdi, yana 250 ga yaqin kishi jarohatlangani aytilmoqda. Hozirda voqea joyida qutqaruv guruhlari ish olib bormoqda, ular yong‘inni nazorat qilish va qolgan jasadlarni topishga harakat qilmoqda”, dedi Fitrat.
“Atrofimizda harbiy qismlar bor edi. Ushbu harbiy bo‘linmalar samolyotga qarata o‘q uzganida, samolyot bomba tashlagan va yong‘in chiqqan. Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning barchasi tinch aholi vakillaridir”, dedi u.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid shifoxonaga hujumni qoralab, Pokiston yana “Afg‘oniston havo hududini buzib, Kobuldagi giyohvandlarni reabilitatsiya qilish shifoxonasini nishonga olganini” aytdi. U bunday harakatni “barcha qabul qilingan tamoyillarga va insoniyatga qarshi jinoyat” deb atadi.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharifning matbuot kotibi Musharraf Zaydiy bu ayblovlarni “asossiz” deb atadi va Kobulda hech qanday shifoxona nishonga olinmaganini ta’kidladi.
Pokiston Axborot vazirligi zarbalar “aniq nishonga olingan harbiy obyektlar va terrorchilarni qo‘llab-quvvatlash infratuzilmasiga, jumladan, “Tolibon”ning texnik jihozlari hamda o‘q-dorilar omborlariga”, shuningdek, Afg‘onistonning Kobul va Nangarhor viloyatlarida joylashgan pokistonlik jangarilarga qaratilganini ma’lum qildi. Vazirlik bu obyektlardan Pokiston fuqarolarga qarshi foydalanilganini da’vo qilmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Mujohidning da’vosi Pokistonga qarshi kayfiyatni qo‘zg‘atishga va “Tolibon”ning “chegaraoldi terrorizmni noqonuniy qo‘llab-quvvatlashi”ni yashirishga qaratilgan. Pokiston Afgʻonistonni qurolli guruhlarga, xususan, Pokiston ichida hujumlar uyushtirayotgan “Tahriki Tolibon Pokiston”ga boshpana berganlikda ayblab keladi. “Tolibon” rasmiylari bu ayblovlarni bir necha bor rad etgan.








