Daryo

Afgʻonistonda kitob savdosi keskin kamaydi

“Daryo” muxbiri Afg‘onistonda kitob savdosi va mutolaa darajasi nega kamaygani, qaysi kitoblar hanuz xarid qilinayotgani va qaysilari ommabopligini yo‘qotgani haqida kitob sotuvchilari bilan suhbatlashdi.

1 daqiqa o‘qish7 388 ko‘rishlar0 izoh1

So‘nggi to‘rt yil ichida Afg‘onistonda kitob o‘qish va kitob savdosi qariyb yetmish foizga kamaydi. “Daryo” muxbiri bu borada qo‘shimcha ma’lumot olish uchun bir qator kitob sotuvchilari bilan suhbatlashdi.

Mozori Sharif shahridagi kitob sotuvchisi Sa’dulla Saxi Zoda so‘nggi to‘rt yil davomida kitobxonlik madaniyati misli ko‘rilmagan darajada pasayganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosat, tarix, geografiya, adabiyot va boshqa ko‘plab fanlarga oid kitoblar ommabopligini yo‘qotgan, ularning sotuvi keskin kamaygan.

“Yoshlar kitob o‘qishga qiziqmay qoldi. Buning yagona sababi — iqtisodiy muammolar. Odamlar kitobga boʻlgan ehtiyojlarini Internet orqali qondiradi”, dedi Saxi Zoda.

​
Foto: “Daryo”

U so‘nggi paytlarda psixologiya va adabiyotga oid kitoblar, shuningdek diniy adabiyotlar, fors, arab va pushtu tillaridagi asarlar, hamda Qur’oni Karim savdosi oshganini aytdi. “Tolibon” vakillari orasida esa diniy va islomiy kitoblarni oʻrganishdan tashqari, ingliz tilidagi kitoblarni ham xarid qilishi koʻpaygan.

Foto: “Daryo”

Yana bir kitob sotuvchi hoji Najibulla ham kitob mutolaasi va savdosi keskin kamayib ketganini tanqid qildi. U yoshlar kitob o‘qish va sotib olish o‘rniga smartfon xarid qilib, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazishini bildirdi.

“Afg‘onistonda sotiladigan kitoblar odatda Kobul va Eronda chop etiladi”, dedi u.

​
Foto: “Daryo”

Mamlakatda sotishga ruxsat berilgan kitoblarga din, iqtisod, menejment, ingliz tili, adabiyot, muhandislik, jurnalistika, axborot, qishloq xo‘jaligi, psixologiya, pushtu, fors, o‘zbek, siyosat, tarix va sotsiologiyaga oid adabiyotlar hisoblanadi. Ularning aksariyati Afg‘oniston kutubxonalarida mavjud. Lekin kutubxonalarda o‘zbekcha kitoblar oz.

Kitob sotuvchilari so‘zlariga ko‘ra, “Tolibon” hukumati Afg‘onistonda yuzdan ortiq kitobni sotish va o‘qishni taqiqlagan. Inson huquqlari, ayollar huquqlari va demokratiya haqidagi kitoblar shular qatoriga kiradi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_moObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar