Daryo

Xitoyda elektromobilni 5 daqiqada quvvatlash texnologiyasi yaratildi

Xitoyning uch yirik kompaniyasi elektromobillar uchun oʻta tez quvvatlash texnologiyalarini taqdim etdi. Batareya qizib ketishiga yoʻl qoʻymaslik uchun sunʼiy intellektga asoslangan nazorat tizimi qoʻllanmoqda.

2 daqiqa o‘qish319 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Techplore

Xitoyda avtomobil ishlab chiqaruvchi qator kompaniyalar elektromobillarni bir necha daqiqada quvvatlash imkonini beradigan oʻta tez quvvatlash texnologiyalarini taqdim etmoqda.

Geely Auto oʻzining yangi tizimi yordamida batareyani 10 foizdan 70 foizgacha atigi 4,5 daqiqada, 97 foizgacha esa 8 daqiqa 40 soniyada quvvatlash mumkinligini maʼlum qildi.

BYD mart oyidayoq yangi avlod “blade” batareyasini namoyish etgandi. U 10 foizdan 70 foizgacha 5 daqiqada, 97 foizgacha esa 9 daqiqada quvvatlanadi.

Dunyodagi eng yirik akkumulyator ishlab chiqaruvchi CATL ham aprel oyida oʻz texnologiyasini taqdim etgan. Kompaniya batareyalari 10 foizdan 80 foizgacha 3 daqiqa 44 soniyada, 98 foizgacha esa 6,5 daqiqada quvvatlanadi.

Geely eʼlon qilgan koʻrsatkichlar amaliy sinovlarda ham tasdiqlangan. Lynk & Co 10 va Zeekr 001 krossoverlari batareyasi 10 foizdan 70 foizgacha 4 daqiqa 30 soniyada, 97 foizgacha esa 8 daqiqa 40 soniyada quvvatlangan.

Bunday kuchli tok taʼsirida batareya qizib ketmasligi uchun muhandislar sunʼiy intellektga asoslangan haroratni boshqarish tizimini joriy qilgan. U batareya haroratini oʻrtacha 55 daraja atrofida ushlab turadi va 65 darajadan oshishiga yoʻl qoʻymaydi. Bundan tashqari, butun quvvatlash tizimi boʻylab besh konturli suyuqlik bilan sovitish tizimi qoʻllangan.

Uchala texnologiya ham ilk bor Auto China avtosalonida keng jamoatchilikka namoyish etildi. Ushbu koʻrgazmaga odatda Xitoy elektromobil bozorining eng yirik kompaniyalari yigʻiladi.

Elektromobil sotib olmoqchi boʻlgan xaridorlar uchun avtomobil narxi va bir martalik quvvatda qancha masofa bosib oʻtishi bilan bir qatorda, quvvatlash tezligi ham muhim omillardan biri hisoblanadi. Shu sabab hozir Xitoy avtomobil brendlari oʻrtasidagi asosiy raqobat batareyani qanchalik tez quvvatlash atrofida kechmoqda.

Tahlilchilarga koʻra, yaqin yillarda quvvatlash tezligi Xitoy avtokonsernlari oʻrtasidagi asosiy raqobat maydoniga aylanishi mumkin. Avval kompaniyalar avtomobil bir marta quvvatlanganda qancha masofa bosib oʻtishi boʻyicha bellashgan boʻlsa, endi eʼtibor quvvatlash vaqtiga qaratilmoqda.

Taqqoslash uchun, AQSHda tezkor quvvatlash orqali elektromobil batareyasini 10 foizdan 80 foizgacha toʻldirish odatda 20–40 daqiqa vaqt oladi. Hyundai, Kia va Porscheʼning yangi modellari ham bunga 18–20 daqiqada erishadi.

Omdia katta tahlilchisi Kris Lyuning aytishicha, asosiy qiyinchilik quvvatlash stansiyasida emas, balki batareyaning oʻzida:

“Asosiy savol — batareya bunday kuchli tokni tez va qayta-qayta qabul qila oladimi, bunda u qizib ketmaydimi, tez eskirmaydimi yoki ichki cheklovlarga duch kelmaydimi?”

Hozircha quvvatlash infratuzilmasi batareyalar imkoniyatidan ortda qolmoqda. Xitoydagi aksariyat jamoat quvvatlash stansiyalari 1 MVt dan past quvvatda ishlaydi. Shu sabab oʻta tez quvvatlash texnologiyasini ommaviy joriy etish uchun quvvatlash stansiyalari tarmogʻini ancha kengaytirish kerak boʻladi.

BYD yil oxirigacha 20 mingta oʻta tez quvvatlash stansiyasini ishga tushirishni rejalashtirgan. Undan keyin kompaniya 2027-yilda yana 30 mingta, 2028-yilda esa 40 mingta shunday stansiya qurmoqchi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar