Daryo

Erondagi norozilik namoyishlarida 35 kishi halok bo‘ldi — OAV

Namoyishlar kamida 88 ta shaharga tarqaldi. Hukumat iqtisodiy vaziyatni yumshatish uchun har bir fuqaroga oylik nafaqa joriy etdi.

1 daqiqa o‘qish7 942 ko‘rishlar0 izoh1

Eronda bir necha kundan beri davom etayotgan norozilik namoyishlarida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, 1 200 dan ortiq namoyishchi hibsga olindi. Bu haqda Human Rights Activists inson huquqlari tashkiloti va uning HRANA media tarmog‘i xabar berdi.

Dekabr oyi oxirida boshlangan namoyishlar kamida 88 ta shaharda yoki Eronning 31 provinsiyasidan 27 tasida bo‘lib o‘tgan. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarni tarqatish chog‘ida kuch ishlatgani aytilmoqda. Bu holat Mashhad va Tehronda noroziliklarning yangi to‘lqinini keltirib chiqargan.

Namoyishlarga mamlakat bo‘ylab kamida 17 ta oliy ta’lim muassasasi talabalari ham qo‘shilgan. Bunga javoban xavfsizlik kuchlari universitet kampuslarida reydlar o‘tkaza boshlagan. Huquq faollariga ko‘ra, bu namoyishlar 2022-yildan beri Eronda kuzatilgan kuchli ommaviy noroziliklar hisoblanadi. O‘sha yili 22 yoshli Mahsa Amini “axloq politsiyasi” tomonidan hibsga olinganidan keyin vafot etishi keng ko‘lamli noroziliklarga sabab bo‘lgandi.

Namoyishchilarga shafqat qilinmaydi

Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan 35 kishining 29 nafari namoyishchilar, to‘rt nafari bolalar, yana ikki nafari xavfsizlik kuchlari xodimlaridir. 5-yanvar kuni Eron sud tizimi vakolatxonasi norozilik namoyishlari chog‘ida hibsga olinganlarga hech qanday shafqat qilinmasligidan ogohlantirdi.

Namoyishlar 28-dekabr kuni Tehronda do‘kondorlarning pulning qadrsizlanishi va yuqori inflyatsiyaga qarshi ish tashlashi bilan boshlangan. Keyinchalik aksiyalar boshqa hududlarga ham tarqalib, siyosiy tus olgan. Eron iqtisodiyoti xalqaro sanksiyalar sabab jiddiy bosim ostida qolmoqda. Xususan, milliy valyuta — rial 2025-yil davomida AQSH dollariga nisbatan qiymatining uchdan biridan ko‘prog‘ini yo‘qotgan.

Hukumat 4-yanvar kuni iqtisodiy bosimni yumshatish maqsadida har bir fuqaro uchun oylik nafaqa joriy etilishini e’lon qilgan. Ushbu to‘lov o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 3,5 foiziga teng. Aholisi 85 milliondan ortiq bo‘lgan Eronda eng kam ish haqi taxminan 100 dollar, o‘rtacha oylik maosh esa 200 dollar atrofida.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar