Oʻzbekiston 2026-yilning dastlabki ikki oyida oltin eksport qilmadi. Shu sabab mamlakat umumiy eksporti keskin kamaydi.
Tashqi savdodagi oʻsish import hisobiga boʻldi
Yanvar–fevral oylarida Oʻzbekiston tashqi savdosi 11,6 mlrd dollarga yetdi. Statistika qoʻmitasi tahliliga koʻra, mazkur miqdor 2025-yil mos davriga nisbatan 7,1 foizga koʻp. Respublikaga ikki oyda 8,05 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar import qilingan. Mazkur koʻrsatkich bir yil oldingidan 1,84 mlrd dollarga (29,8 foiz) yuqori. Tashqi savdo faqat import hisobiga oʻsgan.
Eksport esa 3,54 mlrd dollar boʻlib, bir yil avvalgidan 1,1 mlrd dollarga (23,4 foiz) kamaygan. Natijada tashqi savdo taqchilligi 4,5 mlrd dollarga yetgan (2025-yil mos davrida 1,6 mlrd dollar edi).
Tashqi savdoning eng katta qismi (27,5 foizi) Xitoy bilan amalga oshirilgan — 3,2 mlrd dollar. Keyingi oʻrinlarda Rossiya (2,1 mlrd dollar) va Qozogʻiston (837,5 mln dollar) turibdi.
Oltin sotilmadi
Oltin sotuvi odatda Oʻzbekiston eksporti tushumlarining uchdan bir qismini tashkil etadi. Ammo 2026-yil yanvar–fevral oylarida oltin sotilmagan. Shu bois eksport hajmi keskin kamaygan.
Taqqoslash uchun, 2025-yilning dastlabki ikki oyida 1,7 mlrd dollarlik oltin eksport qilingandi. Mazkur qiymat umumiy eksport tushumlarining 41 foiziga teng boʻlgan.
Nimalar koʻproq eksport qilindi?
Statqoʻm oltin sotilmaganiga qaramay, boshqa mahsulotlar eksporti 24 foizga oshganini bildirgan.
Ikki oy davomida eng yirik eksport tushumlari xizmatlardan kelgan — 1,45 mlrd dollar. Shundan 1,2 mlrd dollari turizm va transport xizmatlari sotuvidan shakllangan.
Keyingi yuqori qiymatni sanoat mahsulotlari taʼminlagan — 643 mln dollar. Bunda toʻqimachilik va rangli metallar eksporti yetakchilik qilgan.
Oziq-ovqat va tirik hayvonlar eksporti 350 mln dollarga yetgan. Asosiy tushum (313 mln dollar) meva-sabzavot va donli mahsulotlar sotuvidan boʻlgan.
Kimyo mahsulotlari eksporti 341 mln dollarni tashkil etgan. Eng tez oʻsish (81,3 foiz) texnika va uskunalar sotuvida kuzatilgan boʻlib, ikki oyda 210,7 mln dollarlik eksport amalga oshirilgan.
Oʻzbekiston yanvar-fevralda 7,1 mln dollarlik gaz eksport qilgan. Bu bir yil avvalgiga nisbatan 83,2 foizga kam. Oʻz navbatida xorijga 34,7 mln dollarlik elektr toki sotilgan (oʻsish 1,2 foiz). Yana 81,8 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari sotuvi (oʻsish 13,6 foiz) amalga oshirilgan.
Xorijdan qilingan eng koʻp xaridlar
Eng katta import xarajatlari mashina va uskunalar hissasiga toʻgʻri kelgan — 2,9 mlrd dollar. Shundan mamlakatga 607 mln dollarlik avtomobillar, 579 mln dollarlik elektromobillar (oʻsish 132,5 foiz) va ularning jihozlari (oʻsish 75 foiz) olib kirilgan.
Keyingi yirik qiymatni sanoat mahsulotlari importi tashkil etgan — 1,14 mlrd dollar. Bunda temir va poʻlat, metall buyumlar hamda toʻqimachilik mahsulotlari nisbatan koʻp xarid qilingan.
Oziq-ovqat va tirik hayvonlar importi 903,9 mln dollarni tashkil etgan. Eng yirik ulushni donli mahsulotlar, goʻsht va meva-sabzavotlar xaridi tashkil etgan.
Ikki oyda xizmatlar importi 844 mln dollarga yetgan. Mazkur summaning 72,6 foizini turizm va transport xizmatlari keltirgan.
Yanvar-fevral oylarida yoqilgʻi-energetika mahsulotlari importi 670,8 million dollarga yetgan. Xususan, 341,1 mln dollarga benzin, 202,2 mln dollarga tabiiy gaz import qilingan. Gaz xaridi oʻtgan yil mos davriga nisbatan 4,1 baravarga koʻpaygan.








