AQSH prezidenti Donald Tramp dunyo iqtisodiyotini “bo‘g‘ib” qo‘ygan Hormuz bo‘g‘ozini ochish va Eronga qarshi global harakatga qo‘shilish borasida ittifoqchi davlatlarga so‘rov yuborgandi. Yevropa davlatlari esa rad javobini berdi.
Germaniya: “Vashington biz bilan maslahatlashmadi”
Chorshanba, 18-mart kuni Germaniya qonunchilariga murojaat qilgan kansler Fridrix Merts Eron o‘z qo‘shnilariga tahdid solmasligi kerakligiga qo‘shilsa-da, AQSH—Isroil urushining asosli ekaniga shubha bildirdi.
“Bugungi kungacha ushbu operatsiyaning qanday muvaffaqiyatga erishishi bo‘yicha ishonchli reja mavjud emas. Vashington biz bilan maslahatlashmadi va Yevropa yordami zarurligini aytmadi. Urush davom etar ekan, biz Hormuz bo‘g‘ozida harakatlanish erkinligini harbiy vositalar bilan ta’minlashda ishtirok etmaymiz”, dedi kansler.
Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius ham kanslerning fikrini qo‘llab-quvvatladi:
“Bu bizning urushimiz emas, uni biz boshlamadik”.
Ayni paytda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “Biz bu mojaroning ishtirokchisi emasmiz”, deya munosabat bildirdi.
Yevropa nega Trampni qo‘llamayapti?
Yevropa yetakchilari o‘zlari to‘liq tushunmaydigan va o‘z fuqarolari orasida ommabop bo‘lmagan ushbu mojaroga tortilishdan xavfsiramoqda.
“Ular chetda turishdan keladigan foyda, Ukrainadagi urush va savdo tariflari tufayli allaqachon taranglashgan transatlantik aloqalardagi xavflardan ustunroq ekanini hisob-kitob qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Trampning yil boshida Daniyaga tegishli Grenlandiyani sotib olish niyati va NATOning kelajagiga oid shubhali qarashlari ittifoqchilarni hushyor torttirgan. Tramp esa NATOdagi hamkorlari AQSHga qo‘shilmay, “juda ahmoqona xato” qilganini ta’kidlamoqda.
Siyosiy bosim va xalq fikri
Tramp Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni Ikkinchi jahon urushi davridagi yetakchi Uinston Cherchillga o‘xshamaslikda ayblab, uni keskin tanqid qildi. Biroq Starmerning ortida jamoatchilik fikri turibdi: YouGov so‘roviga ko‘ra, britaniyaliklarning 49 foizi urushga qarshi, faqat 28 foizi buni yoqlaydi.
Boshqa mamlakatlardagi vaziyat
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches hujumlarni “noqonuniy” deb atadi. Trampning bazalardan foydalanishga ruxsat berilmasa, savdoni cheklash haqidagi tahdidiga javoban vazir Mariya Xose Montero: “Biz hech kimning vassali emasmiz”, deb javob berdi. So‘rovnomada ispanlarning 68 foizi urushga qarshi chiqdi.
Germaniyaning ARD DeutschlandTrend so‘roviga ko‘ra, nemislarning 58 foizi urushga qarshi, 25 foizi esa uni qo‘llaydi. Hatto Tramp ma’muriyati bilan yaqin bo‘lgan o‘ng qanot “Germaniya uchun muqobil” (AfD) partiyasi ham kanslerni qo‘llamoqda.
Alohida reja
Yevropa davlatlari AQSHsiz harakat qilish yo‘llarini izlamoqda. Xususan, Kir Starmer dunyo neftining 20 foizi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha ittifoqchilar bilan alohida reja ustida ishlamoqda.
Emmanuel Makron xavfsizlik barqarorlashgach, AQSH ishtirokisiz, Yevropa, Osiyo (jumladan, Hindiston) va Fors ko‘rfazi davlatlaridan iborat ko‘ngillilar koalitsiyasini tuzishni taklif qilmoqda.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas ittifoq barcha kutilmagan hodisalarga tayyorligini va vazminlikni saqlab qolishini bildirdi:
“Biz doimo kutilmagan narsalar sodir bo‘lishiga tayyormiz va bunga xotirjam qaraymiz”.








