Hindiston tarixda ilk bor AQSHga smartfon eksport qilish bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Canalys tadqiqot kompaniyasi 29-iyul kuni e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, 2025-yilning ikkinchi choragida AQSHga import qilingan smartfonlarning 44 foizi Hindistonda ishlab chiqarilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davrida 13 foizni tashkil etgandi.
Hindistonda ishlab chiqarilgan smartfonlar hajmi bir yilda 240 foizga oshgan. Shu bilan birga, Xitoyda yig‘ilgan qurilmalar ulushi 25 foizga pasaygan — 2024-yilning shu choragida bu ko‘rsatkich 61 foiz edi. Bu Xitoyning eksportda uchinchi o‘ringa tushib qolganini anglatadi, ikkinchi o‘ringa esa Vyetnam chiqib olgan.
Canalys yetakchi tahlilchisi Sanyam Chaurasiya bu o‘zgarishni asosan Apple’ning ishlab chiqarishni Xitoydan Hindistonga ko‘chirish harakati bilan bog‘ladi. Unga ko‘ra, Apple so‘nggi yillarda Hindistondagi ishlab chiqarish quvvatini kengaytirgan va 2025-yil boshidan buyon eksport quvvatining asosiy qismini AQSH bozorini ta’minlashga yo‘naltirgan.
“Biroq Apple hali ham Xitoydagi ishlab chiqarish bazalariga qisman bog‘liq”, deydi Chaurasiya.
AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan joriy etilgan o‘zaro savdo tariflari smartfonlar va boshqa elektronikalarni istisno qilgani sababli, Xitoyda ishlab chiqarilgan iPhone’lar og‘ir bojxona soliqlaridan qutulib qolgan edi. Biroq 2025-yil may oyida Donald Tramp Apple kompaniyasini AQSHda iPhone ishlab chiqarishga chaqirgan. Uning ta’kidlashicha, agar Qo‘shma Shtatlarda sotiladigan iPhone’lar xorijda, xususan Hindiston yoki Xitoyda ishlab chiqarilsa, u holda Apple 25 foiz boj solig‘i to‘lashga majbur bo‘ladi.
“Men Apple’ni Hindistonda ko‘rishni xohlamayman. iPhone’larni AQSHda ishlab chiqarilishini istayman”, degan edi Tramp Truth Social’dagi postida.
Izoh (0)